Ayni paytda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashining navbatdan tashqari 26-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Toshkentdagi rahbarlar viloyatning uzoq-uzoq, har bir qishlog‘ida piyoda yurib muammolarni o‘rgandi. Maqsad bitta — odamlarni rozi qilish. Olisdagi qishloqlardagi odamlarimiz ham o‘z gaplarini aytganidan xabardorman. Boshqa viloyatlardan farqli o‘laroq, Namaganda yangi tashabbus bilan chiqayapmiz», — dedi davlat rahbari.

«Endi mahalla tashabbuskor, mahalla raisi islohotchi. Bunda nimani tushunamiz? Mahalla raisi oldingidek to‘y-u tomoshalarda odamlar kutib, kuzatadigan odam emas. 775 ta mahallada raislar o‘zini munosib ko‘ra oladimi? Islohotchi bo‘la oladimi? Kecha Dashtbog‘ mahallasining 22 yoshli Muzaffar bilan tanishdim. Oqsoqollarni hammasini hurmat qilaman, lekin hozirgi raisga talab mutlaqo boshqacha bo‘layapti».

Prezident Namangan tajribasini yo‘lga qo‘yishni taklif etdi.

«Dashtbog‘da oqsoqolni hurmatini joyiga qo‘yib, maslahatchi qilaylikda, mahalla raisini yoshlar orasidan saylaylik. 15 kunda har bir tumanda mahalla raislari yig‘ilishi bo‘ladi. U yerda deputatlar qatnashadi. Bu Namangan tajribasi bo‘ladi. Oldingi mahalla raislarini bilimim yetmaydi desa, uni oyligini saqlab qolib, maslahatchi sifatida qoldiramiz. Muzaffarga o‘xshagan islohotchi yoshlarni qo‘yamiz. Rahmat deyish mahalla raisini vazifasi emas. Mahalla raislarining majlislarda qatnashishi man etiladi. 775 ta sadoqatli odamlarni topa olsak, muammolarning o‘zi hal bo‘ladi», — deya ta’kidladi O‘zbekiston prezidenti.

U shuningdek, Namagan shahri to‘rtta sektori rahbarining taqdiri majlisdan so‘ng, mahallalarni aylanish vaqtida hal bo‘lishini aytdi.

«Bugun men shaharni aylanaman. Moshinaga o‘tirib, o‘zim xohlagan mahallaga boraman. Shunga qarab shaharning 4 ta sektor rahbari masalasi hal bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.