Farg‘ona shahrida ko‘p qavatli turar-joylar o‘rtasida barcha qurilishlar to‘xtatiladi, poydevor uchun qazilgan kotlovanlar ko‘miladi, bolalar hamda sport maydonchalari qayta tiklanadi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona shahridagi «Do‘stlik» hamda «Gulzor» mahallalarida aholi yashash sharoitlarini ko‘zdan kechirdi. Hududni o‘rganish jarayonida ko‘p qavatli turar-joylar orasida yashil maydonlar hududidagi daraxtlar kesilgani, bolalar va sport maydonchalari buzilib, o‘rniga yangi binolar qurilishi boshlanganiga guvoh bo‘ldi.


Mahalliy aholi viloyat hokimi bilan muloqot chog‘ida yangi qurilayotgan binolar sababli mahallada aholi yashashi uchun noqulayliklar yuzaga kelayotgani, bolalar uchun ochiq havoda o‘ynashga, kattalar va keksalar uchun sayr qilishga imkoniyat qolmaganini bildirgan.

Ma’lumotga ko‘ra, Xayrullo Bozorov shahar hokimi va prokuroriga Farg‘ona shahrida ko‘p qavatli turar-joylar o‘rtasida olib borilayotgan barcha qurilishlarni to‘xtatish hamda bunday qurilishlarga ruxsat berish bilan bog‘liq qarorlarni bekor qilish yuzasidan topshiriq berdi.


Poydevor uchun qazilgan kotlovanlarning barchasi ko‘mib tashlanishi, qurilishi yakunlanish bosqichida bo‘lgan inshootlarning har biri qonuniyligi bo‘yicha shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganilishi vazifasi yuklandi.

Barcha hududlarda buzib tashlangan bolalar hamda sport maydonchalari qayta tiklanadi, qurilish egalari kesilgan har bir daraxt o‘rniga 100 tupdan manzarali daraxt ekishi ta’minlanishi kerak bo‘ladi. To‘xtatilgan qurilishlar o‘rniga tadbirkorlarga bino qurish uchun boshqa joydan yer maydoni taklif etilishi ko‘zda tutilmoqda.


Xayrullo Bozorov, shu bilan birga hududdagi atrof-muhit tozaligiga e’tiborsizlikka, chiqindilarning sochilib yotganiga, turar-joylar atrofida obodonlashtirish ishlarining umuman yo‘lga qo‘yilmagani va binolarga birikkan holda vaqtinchalik qo‘shimcha inshootlar qurib tashlanganiga alohida tanqidiy e’tibor qaratdi.

«Farg‘ona turar-joy massivlarida fayz bo‘lishi shart», — degan viloyat hokimi. U shahar mahallalarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha alohida manzilli dastur ishlab chiqish yuzasidan shahar hokimi Mirzohid Ubaydullayevga topshiriqlar berdi.

Moturidiy ko‘chasi hududidan oqib o‘tuvchi katta ariq ustida qurilgan ob’ektlar olib tashlanib, suv qirg‘og‘i bo‘ylab velosiped minish hamda sayr qilish uchun ekoyo‘lak tashkil etiladigan bo‘ldi, deyiladi xabarda.

Xayrullo Bozorov 2020 yil sentyabr oyidan buyon Farg‘ona viloyati hokimi vazifasini bajarib kelgan. 5 fevral kuni Farg‘ona shahrida xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Farg‘ona viloyatining hokimi etib tasdiqlangan.

Shu kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahridagi «Shodiyona» mahallasiga borib, MFY binosi, tozalab, tartibga keltirilmagan hovlilar, ta’mirtalab xonalarni ko‘rib, mahalla rahbarlarining tashabbussizligini tanqid qildi. O‘z vazifalarini bajarishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklari uchun shahar hokimi Xamid Xabibidinov shuningdek, prokuror, ichki ishlar va soliq inspeksiyasi boshlig‘i ishdan olingan edi.

Ko‘pincha noqonuniy olib boriladigan yashil zonalarni yo‘q qilish va turar joylarni rivojlantirish ko‘p yillar davomida o‘zbekistonliklarning noroziligini keltirib chiqarmoqda. Odamlarning noroziligiga qaramay, hokimliklar o‘z qarorlarini qayta ko‘rib chiqishga shoshilayotgani yo‘q. «Gazeta.uz» da bunga nima sabab bo‘layotganligi haqida katta maqola e’lon qilingan edi.

2019 yilning qishida Farg‘ona markazidagi Gidroliz shaharchasida ikki qavatli turar-joy binolari shoshilinch ravishda buzilgan va aholi majburan ko‘chirilgan. Uylarni buzish jarayonida u yerda hali odamlar yashayotgan edi.