Chirchiq shahar prokurori Baxtiyor Ibrohimov Bosh prokuraturaning boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Ushbu ma’lumotni «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov tasdiqladi.

8 sentyabr kuni Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan JKning 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, juda ko‘p miqdorda) hamda 207-moddasi 3-qismi «a» bandi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilingan edi.

13 sentyabrga kelib, OAVlarda Chirchiq shahar prokurori Baxtiyor Ibrohimovning intervyusi chiqa boshladi. Prokuror unda tergovga qadar tekshiruv ishlari yakun topmagan, aybi hali to‘liq isbotlanmagan Guljahon Yo‘ldoshevaning ayblilik masalasiga keskin munosabat bildirgan edi. Bu bilan u aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilmagan.

Shundan so‘ng, Xabar.uz`da taniqli advokat Usmonxon Salohiddinovning mazkur holatga munosabati ham e’lon qilindi. Advokat o‘shanda, «…prokuror janoblari mazkur intervyusida amaldagi jinoyat protsessual qonunchilik talablariga zid ravishda, hali tergovoldi harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov ma’lumotlarini oshkor qilishi o‘z-o‘zidan savol tug‘diradi: Jinoyat ishi dastlabki bosqichda ekanini tan olgan prokuror ayblov sudda nafaqat tasdiqlanishi, balki dalillar rad etilishi ham mumkinligini bilmaydimi yoki bila turib, qonunga zid tarzda bo‘lsa-da jamoat fikrini shakllantirishni, shu orqali sudga ta’sir o‘tkazishni maqsad qilganmi?», — deya fikr bildirgan edi.

Shuningdek, Salohiddinov prokurorning Konstitutsiyaning 26-moddasi («jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, u aybi aniqlanmaguncha aybdor hisoblanmaydi») hamda amaldagi JPKning 23-moddasi («Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi») talablarini ham mensimaganini qo‘shimcha qilgandi.

Tergov yakunlanib, ish sudga oshirilgan vaqtda advokat Xushnud Ahrorov «Gazeta.uz»ga Yo‘ldoshevaning cheklovlari juda qat’iylashtirilgani, uy qamog‘idagi shaxsga o‘rnatilgan «braslet» [elektron kuzatish vositasi] yetmaganidek, tibbiy yordamga borib-kelishda ham ichki ishlar xodimlari tomonidan nazorat qilinayotgani va ortiqcha bosim o‘tkazilayotganini ma’lum qilgan edi.

27 noyabr kuni Yo‘ldosheva va boshqalarga oid jinoyat ishi JIB Chirchiq shahar sudida ko‘rila boshlandi. Majlisda shifokorning advokati Xushnud Ahrorov, «Dastlabki tergov organi jinoyat ishi boshidan to yakuniga qadar himoyam ostidagi Guljahon Yo‘lldoshevani nima bo‘lsada, ayblashga qaratilganiga guvoh bo‘lmoqdamiz», — deya ta’kidlagan edi.

Hozirda ish JIB Chirchiq shahar sudi raisi Sunnatillo Avlakulov boshchiligida ko‘rib chiqilmoqda. Unda besh nafar gumonlanuvchining 20 ta epizoddan iborat ayblov xulosasi bo‘yicha ko‘rsatuvlari tinglandi. Endilikda sudda guvohlar ko‘rsatuvlar bermoqda. «Gazeta.uz»ga ma’lum qilinishicha, navbatdagi sud majlisi 1 fevral sanasiga belgilangan.