Avvalroq, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining besh nafar deputati ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazilgani haqida ma’lum qilgan edik.

«Gazeta.uz» muxbiri xabar berishicha, ushbu anjumanda hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev daraxt ekishga ajratilishini aytgan 30 mlrd so‘m qanday sarflanilishiga ham to‘xtalib o‘tilgan.

«Ko‘kalamzorlashtirishga ham yo‘naltirilishi mumkin. Lekin asosiy maqsad ko‘p yillik, qimmatbaho, yirik daraxtlar ekish. Shaharda avtotransportlar ko‘p, havoda gazlanish ko‘p, shovqin. Aynan katta va yassi bargli daraxtlar shovqinni ham o‘ziga qamrab oladi, ham havoni tozalaydi. Shu sababli daraxtlarni turli xilini hamda bizni iqlimimizga chidamlilarini ekish maqsad qilingan. Daraxt ekish mavsumi hademay yaqinlashadi. Shu sababli, shahar hokimligi Obodontashtirish xizmati, ekologik partiya a’zolari fikrini inobatga olib, shundan keyin hal qilinadi», — dedi deputat Vasila Alimova.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Vasila Alimova.

U shuningdek, daraxtni parvarishlash hamda yashil hududlarni saqlash qolish eng muhim masala ekanligini ta’kidladi.

«Daraxtni ekib qo‘yish mumkin, ertaga unga suv quymasa, parvarishlamasa, quyoshdan saqlanmasa yoki aksincha quyosh nuri ta’minlab berilmasa u daraxt nobud bo‘lishi mumkin. Yashil hududlarni saqlab qolish, mana hozir Bobur parki bo‘yicha faol muloqotlar ketmoqda. Ana shularni saqlash qolish yoki ichida qandaydir ob’ektlar qurilsa, ularga zarar keltirmaslik masalasi ham turipti. Hozir maqsadimiz yashil hududlarni „adekvat“ holatda saqlab qolish. Daraxt kesishlar hali ham davom etmoqda, buni oldini olish va yashil hudud yaratish kerak bo‘lgan ko‘chalar atroflari, eski avariya holatida kesib tashlangan joylar, shu jumladan, mavjud istirohat bog‘lar va ijtimoiy ob’ektlarni maydoni bo‘lishi mumkin. Ana o‘sha joylarga daraxt ekish masalasi kun tartibida», — dedi deputat.

Bundan tashqari, anjumanda jamoatchilik vakillari taklif kiritishi mexanizmiga oid nizom ishlab chiqilayotgani, shunga ko‘ra uning tartibi ma’lum qilinishi qo‘shimcha qilingan.

«Qolaversa, biz doimiy muloqotdamiz, aholining bizga (deputatlarga) murojaati ham e’tiborsiz qolib ketmaydi. Faqat asos bo‘lishi kerak, murojaat qayerdan kelib chiqayapti, aholi, tashkilot, bloger yoki OAV vakillaridanmi, shunga ko‘ra deputatlar ko‘rib chiqadi», — deya ta’kidladi shahar Kengashi deputati.