Prezident 20-yanvar kuni “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qonun bilan madaniy faoliyat sohasidagi davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni amalga oshiruvchi organlarning vakolatlari belgilandi.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasi mazkur sohada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi hamda davlat boshqaruvi organlarining bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Hujjatga ko‘ra, har bir shaxs madaniy faoliyat sohasida mulk huquqiga ega.

Mulk huquqi tarixiy, ilmiy, badiiy yoki o‘zgacha madaniy qimmatga ega bo‘lgan ashyolarga, shuningdek moddiy madaniy meros ob’ektlariga nisbatan tatbiq etilishi mumkin.

Madaniyat tashkilotlari madaniy faoliyatning turlariga qarab quyidagi toifalarga bo‘linadi:

  • madaniy-tomosha tashkilotlari;
  • madaniy-ma'rifiy tashkilotlar;
  • boshqa madaniyat tashkilotlari.

Madaniyat tashkilotlari mulkdor yoki u vakil qilgan shaxs tomonidan yoxud vakolatli organning farmoyishi asosida tashkil etiladi.

Davlat madaniyat muassasalariga va tashkilotlariga madaniyat hamda san’at sohasida erishgan yutuqlari uchun Hukumat taqdimnomasiga binoan prezident tomonidan “Milliy” yoki “Akademik” maqomi berilishi mumkin.

Davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlarining attestatsiyasi uch yilda bir marta o‘tkaziladi. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi

Avvalroq. Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, “Avvallari bu sohada yakdil, uning hamma yo‘nalishlarini qamrab oluvchi qonun darajasidagi hujjat bo‘lmagan. Madaniyat sohasidagi faoliyatlar 29 yil davomida qonunosti hujjatlar bilan tartibga solib kelindi”, — deya fikr bildirgan edi.