Ijtimoiy tarmoqlarda maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasining tarbilanuvchini urayotgani aks etgan videolavha tarqaldi. Ushbu holat Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi 13-sonli MTMda sodir bo‘lgani aytilmoqda.

Samarqand viloyati prokuraturasi hodisa yuzasidan hozirda Bulung‘ur tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganligini ma’lum qildi.

MTM mudirasi Rohatoy Ahrorova «Zamon» ko‘rsatuviga bergan intervyusida videolavhaga izoh berar ekan, o‘zini to‘g‘ri tuta olmaganini va qiziqqonlik qilganini ta’kidladi. U bolaning haqoratli so‘zlarni aytganini ma’lum qilgan.

«Juda ham jahlim chiqdi. Chunki guruhda 30 ga yaqin bola bor edi. To‘g‘ri, urish mumkin emas, lekin muomala bilan qilsa, bolaning kelajagi nima bo‘ladi?» — deb so‘radi u.

Bundan avval, Toshkent shahar Yashnobod tumanida joylashgan 103-sonli yordamchi internat-maktabi tarbiyalanuvchisi kaltaklanganligi va ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edik.