15 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxt tumanlarining hokimlari va sektor rahbarlari, shuningdek, Yunusobod tumani mahalla faollari hamda yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Davlat rahbari tuman hokimlariga murojaat qilib, O‘zbekiston rivojlanishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlarga ega ekanligini qayd etdi. «Faqat halollik kerak. Xalqqa halol, porasiz xizmat qilsalaring, natijasi bo‘ladi. Barakasi ham bo‘ladi. O‘g‘irlasalaring baribir yetib boraman», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev «prezident siyosatiga xiyonat qilgan» Jizzax viloyati hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarini (Jizzax viloyati hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, hokimning sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akram Rahmonqulov hisoblanadi) misol qilib ko‘rsatdi.

Davlat rahbari bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga vaziyatni nazoratga olish va mansabdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi.

«Butun el bilishi kerak. Bizni siyosatimizga xiyonat qildi u noinsof, poraxo‘r. Baribir bor bunaqalar, sholi kurmaksiz bo‘lmaganday, o‘g‘rilar ham bor. Eski zamonni qumsagan noinsoflar bor. Ular erkinlik, ochiqlik siyosatini tushunmaydi», — dedi prezident.

Davlat rahbari hokim o‘rinbosarida «9 ta bunaqa uyi bor» deya ta’kidladi. U Akram Rahmonqulov aynan qanday huquqbuzarlikda ayblanayotganiga aniqlik kiritmagan.

Avvalroq, «Gazeta.uz» va bloger Davletov.uz hokimiyatning «Yagona buyurtmachi xizmati»dan qariyb 292,1 mlrd so‘mlik yirik davlat buyurtmalarini Qurilish Ta’minoti, J-Quruvchi i Abduvohid Qurilish Ta’mir kompaniyalar qo‘lga kiritgani haqida yozgan edi. Ushbu kompaniyalar ta’sischilari viloyat hokimi o‘rinbosari Akram Rahmonqulovga aloqador bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, 10 yanvar kuni kechga yaqin Jizzaxda 6 qavatli bino, 1−2 qavatlari savdo dokonlari, 3−6 qavatlari esa kvartiralarga mo‘ljallangan ob’ekt ham qulab tushgan edi. Hodisa yuzasidan viloyat prokuraturasi Jizzax viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan edi. Qurilish vaziri Botir Zokirov mazkur ob’ekt qurilishini «to‘g‘ridan-to‘g‘ri korrupsion sxema», deb atadi.