UzAuto Motors kompaniyasining yuridik departamenti direktori Rustam Shaymardanov muallifligi ostida chiqarilgan maqolada kompaniya haqida e’lon qilingan turli xil maqolalar uning brendi va mamlakat investitsiya jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

«2020 yilda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda „maxsus buyurtma“ asosida turli bo‘hton va asossiz xabarlarning tarqatib borilayotganligi, nafaqat milliy brendning nufuziga, balki mamlakat iqtisodiyotiga ham salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda», — deyiladi xabarda.

Unda aytilishicha, birinchidan bunday xabarlar tarqalishi 2020 yilning avgust-sentyabr oylarida «UzAuto Motors"AJ kunlik tushumini qariyb 30−40 mlrd so‘mga keskin kamayishiga yoxud joriy yilning avgust-sentyabr oylarida belgilangan rejani 562 mlrd so‘mga kam bajarilishiga sabab bo‘lgan.

Bunday yo‘qotishlar jamiyatning mazkur tushumlarga mutanosib ravishda davlat byudjetiga soliq va boshqa ijtimoiy to‘lovlar to‘lashiga to‘sqinlik qilganligi aytilgan.

Mablag‘ taqchilligi yuzaga kelishi natijasida sentyabr oyida rejalashtirilgan akkreditiv to‘lovlari va xorijiy hamkorlarga yo‘naltiriladigan to‘lovlar oktyabr-noyabr oylarida kechiktirib to‘langan, deyiladi maqolada.

UzAuto Motors vakilining yozishicha, ikkinchidan, ushbu xabarlar O‘zbekiston investitsiya jozibardorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, aksariyat investorlarda mamlakatga investitsiyalar olib kirishida ikkilanishlar paydo qilmoqda.

Uchinchidan, xorijiy hamkorlar bilan kompaniyaning investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, zavodning texnik jihozlarini modernizatsiya qilish va aylanma mablag‘larini ko‘paytirish borasidagi 150 mln yevro miqdoridagi davlat ahamiyatiga molik hamkorlik kelishuvini kechikishiga ham shunday xabarlar sabab bo‘lganligi ta’kidlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyi oxirida deputatlar tomonidan UzAuto Motors «Raqobat to‘g‘risida"gi qonun talablariga rioya qilayotganligini tekshirish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisiga deputatlik so‘rovi yuborilgan edi. 19 avgust kuni esa Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasining maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar kompaniya avtomobil narxlarini 3mln so‘mdan 19 mln so‘mgacha asossiz oshirganini tasdiqlagan, narxlarning asossiz oshirilgan qismlarini bekor qilib, avtomobillarni kamaytirilgan narxlarda sotish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Shuningdek, mart oyidan buyon, ya’ni yangi asossiz oshirilgan narxlarda avtomobillarni sotib olgan mijozlar bilan qayta hisob kitob qilish topshirig‘i berilgan edi.

UzAuto Motors esa bunga javoban «avtomobillar narxi asosli va hozir narxni pasaytirish imkonsiz» deya javob qaytargan edi.

Keyinchalik UzAuto Motors Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining qarori ustidan Toshkent shahar ma’muriy sudiga shikoyat qilgan edi. Toshkent shahar ma’muriy sudi UzAuto Motors AJning Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi shikoyat arizasini qanoatlantirdi. Qo‘mitadan UzAuto Motors tomonidan to‘langan davlat bojini undirilishi belgilandi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi sud qarori ustidan shikoyat qilishini ma’lum qildi.

18 dekabr kuni Toshkent shahar ma’muriy sudi UzAuto Motors ishi bo‘yicha Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirmadi.

Bundan tashqari, UzAuto Motors kompaniyasining faoliyati bir necha marotaba deputatlar (1, 2) tomonidan tanqid qilingan edi.