Rossiya Federatsiyasining suveren jamg‘armasi hisoblangan Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya fondi (RTIF) o‘zbekistonlik hamkorlariga qo‘shma O‘zbekiston-Rossiya investitsiya fondini yaratishni taklif qildi. Bu haqda 4 dekabr kuni RTIF bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Anatoliy Braverman ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokidagi davra suhbatida ma’lum qildi, deya «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«Rossiya va O‘zbekiston prezidentlarining uchrashuvlarida Yaqin Sharq va Osiyodagi bir qator mamlakatlari bilan yaratgan fond va platformalarimizga o‘xshash jamg‘armani Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlikda tuzish borasida bir qator muhokamalar o‘tkazgan edik», — dedi u davra suhbatida.

Braverman Rossiyaning BAA, Saudiya Arabistoni, Xitoy va Yaponiyadagi sheriklari bilan ham shunday fondlar mavjudligini ta’kidladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov mazkur uchrashuvda O‘zbekiston suveren fondi hisoblanmish Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining ijrochi direktori Shuhrat Vafoyev ishtirok etayotganini ma’lum qilgan. «U mamnuniyat bilan ushbu hamkorlikdagi harakat tafsilotlarini muhokama qiladi va biz o‘zaro maqbul yechimni topamiz», — dedi vazirning birinchi o‘rinbosari.

Bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov tomonlar bunday tuzilmaning ustuvor yo‘nalishlari va ish yo‘nalishlarini belgilab olish zarurligini ta’kidladi. «Bu Mubadala (BAAning suveren fondi) bilan bo‘ladigan hamkorlikdan biroz farq qiladi. U yerda o‘ziga xos jihatlar boshqacha», — dedi u.

Javob tariqasida Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov «o‘ziga xos jihatlar» bir xil ekanini qayd etdi. «O‘ziga xos jihatlar deyarli bir xil. Gap shundaki, ushbu fondni tuzishda har bir davlat o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Natijada, bularning barchasi suveren fondlarning qo‘shimcha daromadga ega bo‘lishiga olib keladi», — deya ta’kidladi Manturov.

«Gazeta.uz» 2018 yilning oktyabrida O‘zbekiston va BAA 1 mlrd dollar qiymatdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya fondini tuzgani haqida ma’lum qilgan edi.