Turkmanistonda birinchi sinf o‘quvchilariga yangi yilda kompyuterlar sovg‘a qilinadi

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov birinchi sinf o‘quvchilariga yangi yil bayrami munosabati bilan mamlakatda ishlab chiqariladigan kompyuterlarni sovg‘a qilishga topshiriq berdi. Mamlakat bosh vazirining fan va ta’lim masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mammetmirat Geldiniyazov «Agzybirlik tilsimaty» kompaniyasi 1 sinf o‘quvchilari uchun kompyuterlarni ishlab chiqarganligini xabar berdi. Uning gaplariga ko‘ra, kompyuterlarning texnik xususiyatlari xalqaro standartlarga javob beradi. «Bu korxonaning maktabdagi ta’lim jarayonini raqamlashtirishga qo‘shgan hissasi bo‘ldi», — dedi Geldiniyazov. — Turkmaniston davlat axborot agentligi.

Rivojlangan mamlakatlarning yoqilg‘i ishlab chiqaruvchilari neftni qayta ishlash zavodlarini yopishmoqda

COVID-19 pandemiyasi rivojlangan mamlakatlarda neftni qayta ishlash zavodlarining yopilishiga sabab bo‘lmoqda. Dunyoning eng yirik yoqilg‘i ishlab chiqaruvchilari Royal Dutch Shell va Ampol (Avstraliya) kompaniyalari neftni qayta ishlash zavodlarini yopayotgani yoki bunday imkoniyatni ko‘rib chiqayotganligi to‘g‘risida xabar berishdi. Bunga yoqilg‘iga talabning pasayishi, Osiyo va Yaqin Sharqdagi yangi va kuchli korxonalar raqobatining kuchayishi sabab bo‘lmoqda. 2020 yilda turli mamlakatlardagi 11 ta neftni qayta ishlash zavodlarini yopish rejalari e’lon qilindi. Uchta korxona ishning qisman to‘xtab qolgani haqida xabar berdi, yana kamida beshtasi muammoga duch keldi. — The Wall Street Journal.

Lufthansa aviakompaniyasi 27,5 ming ish o‘rnini qisqartiradi

2020 yil oxiriga kelib, Lufthansa chet eldagi ishchilar sonini 20 mingga qisqartirishni, shuningdek, 7,5 ming kishini ish bilan ta’minlaydigan LSG ovqatlanish bo‘limini sotishni rejalashtirmoqda. Lufthansa sho‘ba korxonalari (Eurowings, Swiss, Austrian va Brussels Airlines) koronavirus pandemiyasi sababli parvozlarga bo‘lgan talabning pasayishi munosabati bilan parvozlar va xodimlar sonini qisqartirmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, asosan ichki reyslarga xizmat ko‘rsatadigan Germaniya aviakompaniyasi kelgusi yilda 10 minggacha ish joyini qisqartirishi mumkin. — Interfaks.

Litva Belarusdan 689 qochqinni qabul qiladi

689 Belarus fuqarosiga Litvaga maxsus gumanitar sabablarga ko‘ra kelishga ruxsat berildi. Ushbu fuqarolarning 285 nafari Litvaga yetib kelgan, 67 nafari esa boshpana so‘ramoqda. Litva ichki ishlar vaziri bunday vaziyatni Tashqi ishlar vazirligining chet el fuqarosini siyosiy va boshqa tahdidlar kabi maxsus gumanitar sabablarga ko‘ra qabul qilish to‘g‘risidagi taklifi bilan izohlamoqda. 11 sentyabrdan boshlab rejim va repressiya qurbonlariga, ta’qibga uchragan Belarus fuqarolariga va oppozitsiyaning faol vakillariga Litvaga kelish ruxsatnomalari berilmoqda. — Interfaks.

Hindistonda 350 dan ortiq kishi noma’lum kasallikka chalindi, bir kishi vafot etdi

Hindistonning Andhra-Pradesh shtati Eluru shahridagi kasalxonaga noma’lum kasallik tarqalishi sababli 350 dan ortiq kishi shifoxonaga yotqizildi, ulardan biri vafot etdi. Xabarda keltirilishicha, bemorlar kasalxonaga bosh aylanishi va epilepsiya, to‘satdan hushidan ketish, og‘izdan ko‘pik kelishi va qaltirash shikoyatlari bilan murojaat qilishdi. Shifokorlar qonni tekshirib, miyani kompyuter tomografiyasidan o‘tkazgan bo‘lsalar ham, to‘satdan yuzaga keluvchi ushbu kasallikning sababini aniqlay olishmadi. 180 dan ortiq odam allaqachon shifoxonadan chiqarilgan, 160 ga yaqini davolanishda qolmoqda. — Gazeta.uz