Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi juma kuni birqator internet nashrlarining AOKA tomonidan ogohlantirilgani haqidagi bayonotlari yuzasidan rasmiy izoh berdi. «Gazeta.uz», Kun.uz, Daryo.uz, Podrobno.uz va Repost.uz 20−22 noyabr sanalarida imzolangan ogohlantirishlar olgan edi.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» prezident matbuot xizmati va Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari asosida shifoxonalarda davolanayotgan COVID-bemorlari soni bo‘yicha statistik ma’lumotlar o‘rtasidagi nomuvofiqlik to‘g‘risidagi xabarni e’lon qilgani uchun ogohlantirilgan edi. Ogohlantirishdan so‘ng «Gazeta.uz» oddiy xabarni bunday bayon qilishni bo‘rttirish deb hisoblashini ma’lum qildi.

Daryo.uz AOKAning xuddi shu statistika bo‘yicha yo‘llagan xatiga munosabat bildirar ekan, «kelasi safar Prezident matbuot xizmati tarqatgan axborotni imkon doirasida to‘la tekshirishga, xatosi bo‘lsa, tuzatishga urinamiz, albatta», deb yozdi. Shuningdek, Daryo.uz «Qashqadaryoda yashil rangga bo‘yalayotgan chim» nomli xabari uchun ham ogohlantirish olgani ma’lum qilindi.

Kun.uz nashriga yuborilgan ogohlantirish esa boshqa masalada bo‘lgan. Nashr so‘nggi haftalarning eng dolzarb mavzularidan bo‘lgan gaz va elektr ta’minotidagi muammolar bo‘yicha foydalanuvchilarning fikr-mulohazalarini to‘plagan edi. Kun.uz AOKA xatini jurnalistik faoliyatga bosim sifatida baholab, jurnalistlar bilan kurash o‘rniga e’tiborni mamlakatdagi mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratishga chaqirdi.

AOKA o‘z bayonotida so‘z va OAV erkinligini ta’minlash O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanishi, AOKA o‘z vakolatlari doirasida bugungi kunda «to‘rtinchi hokimiyat» rolini haqli ravishda bajarishga kirishayotgan ommaviy axborot vositalari manfaatlarini doimo qo‘llab-quvvatlagan va quvvatlashda davom etishini ma’lum qildi.

«Biroq keyingi paytlarda, ayrim ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoq va turli messenjerlarda tasdiqlanmagan axborotlarni chop etish kuzatilmoqda», — deyiladi bayonotda.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim OAVda dinlararo nizo keltirib chiqarish (Effect.uz, Hordiq.uz), pornografiya va zo‘ravonlikni targ‘ib qilish (Nova24.uz) kabi taqiqlangan kontentni tarqatish holatlari aniqlangan.

Agentlikning qayd etishicha, axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi. Shu bois aniqlangan qonun talablariga rioya etmaslik holatlari yuzasidan ogohlantirish, ko‘rsatma va taqdimnomalar berish vakolatiga ega.

Xususan, 20−23 noyabr kunlari ommaviy axborot vositasi sifatida davlat ro‘yxatiga olingan Kun.uz, Daryo.uz, Gazeta.uz, Podrobno.uz, Repost.uz veb-saytlariga amaldagi qonunchilik talablariga mos kelmaydigan axborotlarni tarqatish holatlari bo‘yicha ogohlantirish xatlari yuborilgani shular jumlasidan, deyiladi bayonotda.

Masalan, «Kun.uz» saytida ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim foydalanuvchilarining turli sharhlari, haqoratli fikrlari va chaqiriqlari jamoatchilik fikri sifatida taqdim etilgan.

«17 noyabr kuni Gazeta.uz, Daryo.uz, Podrobno.uz, Repost.uz veb-saytlarida joylashtirilgan materiallarda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar statistikasi shubha ostiga olingan va ushbu masala yuzasidan rasmiy izohlar taqdim etilmagan», deyiladi bayonotda.

Shundan so‘ng AOKA davlat organlarining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash uchun mart oyidan buyon agentlikning o‘zida 700 dan ortiq matbuot anjumani va brifinglar tashkil qilinganini keltirib o‘tdi. AOKA press-xoli hamda O‘zbekiston milliy matbuot markazida yana 100 dan ziyod matbuot anjumanlari hamda 80 dan ortiq press-turlar o‘tkazilgani aytildi.

Noyabr-dekabr oylarida har bir hududda 120−150 tagacha turli ko‘rinishdagi matbuot tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bularning barchasi OAVning zarur axborotni birinchi manbadan moneliksiz olishiga imkon beradi.

Agentlik hamda uning hududiy boshqarmalari huzurida «Dialog maydonchasi» faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani yana bir muhim qadamlardan biridir. Bu loyiha ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlarning huquqlarini ta’minlash, ularni himoya qilish, zarur huquqiy maslahatlar va ko‘mak berishga yo‘naltirilgan.

Agentlik jurnalist va blogerlarga davlat organlarining OAV bilan konstruktiv va ochiq muloqotda bo‘lishlari uchun har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildiradi, shuningdek, mamlakatda so‘z erkinligi va ommaviy axborot vositalari rivojlanishini ta’minlashni kafolatlaydi, deyiladi bayonotda.