Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaga oid jinoyat ishini sud ko‘rishni boshladi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Sud ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudi raisi Sunnatillo Avlakulov boshchiligida ko‘rilmoqda. Avvaliga sudya tomonlarning qonuniy huquq va majburiyatlarini tushuntirib o‘tdi. Sudlanuvchilarning shaxslariga oydinlik kiritildi, ulardan ayblov hulosasi bilan to‘liq tanishib chiqqan yoki yo‘qligi so‘raldi. Qolaversa, iltimosnomaga ko‘ra, Guljahon Yo‘ldoshevaga tarjimon yollangan.

JIB Chirchiq shahar sudi raisi Sunnatillo Avlakulov. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Yo‘ldoshevaning advokati Xushnud Ahrorov sudga iltimosnoma kiritib, himoyasi ostidagi shaxsning 6 nafar voyaga yetmagan farzandi borligini inobatga olib, ehtiyot chorasini almashtirishni so‘radi.

Ta’kidlanishicha, sudyalanuvchining rus tilidagi ayblov hulosasini berish talabi ta’minlanmagan va u jinoyat ishi bilan tanish emas. Qolaversa, F.Rustamovning o‘limi bo‘yicha epizodda ayblangan Sh.Ro‘zmetov va J.Ziyadullayevga nisbatan dastlabki tergov organi biriga garov, biriga esa munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat ehtiyot choralari qo‘llagan. «Dastlabki tergov organi jinoyat ishi boshidan to yakuniga qadar himoyam ostidagi Guljahon Yuldashevani nima bo‘lsada, ayblashga qaratilganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Natijada jinoyat ishida tenglik prinsipi qo‘pol buzilayotgani yaqqol ayon bo‘ldi», — dedi advokat Ahrorov.


Advokat Xushnud Ahrorov. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Shunga ko‘ra, u uy qamog‘i ehtiyot chorasini munosib xulq-atvorda bo‘lish tarzidagi ehtiyot chorasiga o‘zgartirishni, ayblov hulosasini rus tilida prokuror tomonidan tasdiqlangan holda olinishi ta’minlashini so‘radi.

Sudya iltimosnomani inobatga olib, shuningdek, sudlanuvchilar ayblov xulosasi bilan to‘liq tanishib chiqmasidan ishni ko‘rish mumkin emasligini ta’kidlab, 4 dekabrga qadar tanaffus e’lon qildi. Prokuror nomiga bugunoq xat chiqarilib, sudlanuvchiga ayblov hulosasi rus tilida taqdim etishni ta’minlash chorasi ko‘rilishini qayd etdi. Ehtiyot chorasi masalasini esa keyingi sud ishida ko‘rib chiqilishini aytdi.

Bundan tashqari, sud jarayonida Guljahon Yo‘ldoshevaning hanuzgacha Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori lavozimida ekani ma’lum bo‘ldi.

Davlat ayblovchilari. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Eslatib o‘tamiz, tergov davomida Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi mansabdor shaxslariga [5 nafar] nisbatan JKning 116, 167, 207, 209, 228-moddalari bilan ayb e’lon qilingan.

Jumladan, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori G. Yo‘ldosheva [1975 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan], ayni shu shifoxona shifokori Sh. Ro‘zmetov [1990 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan], shifoxonaning sobiq bosh hisobchisi, hozirda Qibray tumani tibbiyot birlashmasi bosh hisobchisi v.b. A. Dadamatov [1990 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan], Toshkent viloyati Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shifokori J. Ziyadullayev [1986 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan], Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh hisobchisi v.b. J. Akimova [1977 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan] sudlanmoqda.

Avvalroq «Gazeta.uz» Yo‘ldoshevaning advokati cheklovlar juda qat’iylashtirilgani, uy qamog‘idagi shaxsga o‘rnatilgan «braslet» [elektron kuzatish vositasi] yetmaganidek, tibbiy yordamga borib-kelishda ham ichki ishlar xodimlari tomonidan nazorat qilinayotgani va ortiqcha bosim o‘tkazilayotganini ma’lum qilganini yozgan edi.

Ma’lumot uchun, 10 avgust kuni fuqaro Sh. Minbayev Chirchiq prokuraturasiga qarindoshi F.Rustamov 1 avgust kuni Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlari tomonidan viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazilishi oqibatida 2 sentyabr kuni sog‘lig‘i yomonlashib vafot etganini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng, Toshkent viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva 250 mln so‘mdan ziyod mablag‘larni talon-toroj qilish hamda mansabga sovuqqonlik bilan qarash ayblari bilan qamoqqa olingandi. U 8 sentyabr kuni Chirchiqdagi go‘zallik salonida qo‘lga olingan. Saida Mirziyoyeva Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan jazo chorasini o‘zgartirishni so‘ragach, u uy qamog‘iga o‘tkazildi. O‘shanda xuddi shunday so‘rov Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ham bildirilgan edi.