Bo‘stonliq va Zominda quriladigan yangi dor yo‘llari qurilishini Avstriyaning Doppelmayr kompaniyasi amalga oshirishi kutilmoqda, deya xabar berdi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati. Bu bo‘yicha dastlabki ishlar allaqachon boshlangan.

Doppelmayr texniklari yangi teleferiklar qurish uchun maydonni o‘rganish maqsadida Bo‘stonliq va Zomin tumanlariga tashrif buyurishdi.

«Zominda ikkita gondol-kreslo tipidagi dor yo‘li hamda tog‘-chang‘i trassalariga xizmat ko‘rsatish uchun uchta ko‘taruvchi moslama quriladi. «Amirsoy»da ham qo‘shimcha ravishda gondol turdagi dor yo‘li hamda tog‘-chang‘i trassalariga xizmat ko‘rsatuvchi bir necha ko‘taruvchi moslama qurish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, yana ikkita manzarali dor yo‘lini qurish ko‘zda tutilgan», ― dedi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov.

Doppelmayr texniklari topografik tadqiqotlar, muhandislik tadqiqotlari va geologik ishlarni boshladilar, shu asosda teleferiklar va stul ko‘targichlarining yo‘nalishlari aniqlandi.