Rossiya Arktika hududini yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlaydi

Rossiya Arktika hududini 2026 yilgacha yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlaydi. Ushbu loyihaga 65 mlrd rubl (851,8 mln dollar) ajratildi. Bu Arktika hududida turizm sohasini rivojlantirish maqsadida qilinmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi internet tarmog‘ining o‘tkazish qobiliyati 52−104 Tbit/s, qamrovining uzoqligi esa 12,5 ming km dan oshiq bo‘ladi. — RBK.

Yevropa Ittifoqi Tog‘li Qorabog‘ aholisiga 3 mln yevro miqdorida gumanitar yordam ajratdi

Yevropa Ittifoqi mojarodan zarar ko‘rgan Tog‘li Qorabog‘ aholisiga 3 mln yevro miqdorida gumanitar yordam ajratdi. Mablag‘lar hududda eng ko‘p zarar ko‘rgan aholiga tarqatiladi. «Ushbu mablag‘ oktyabr oyining boshida ajratilgan 900 ming yevroga qo‘shimcha sifatida belgilanadi», — deyiladi YeK bayonotida. — TASS.

Belarus fuqaroligini olish qoidalari soddalashtirildi

Belarusda mamlakat fuqaroligini olish uchun soddalashtirilgan qonun loyihasi qabul qilindi. Unga ko‘ra fuqarolikni qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan shaxslar ro‘yxati kengaytirildi. «Belarus fuqaroligini qo‘lga kiritish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarning ro‘yxatini kengaytirish mamlakatimiz uchun fuqarolikni tiklash institutini yuzaga keltiradi», — dedi Inson huquqlari, milliy aloqalar va ommaviy axborot vositalari bo‘yicha doimiy komissiya a’zosi Mariya Vasilevich. — BelTA.

BAA va Bahrayndagi Falastin elchilari faoliyatlarini tiklashdi

BAA va Bahrayndagi Falastin elchilari o‘z diplomatik vazifasini bajarish uchun faoliyatlarini tiklashdi. Ushbu davlatlar Isroil bilan aloqalarni yaxshilaganlaridan so‘ng Falastin o‘z elchilarini chaqirib olgan edi. Falastin hukumati tomonidan bu borada rasmiy bayonotlar bo‘lmagan. — TASS.

JSST bachadon bo‘yni saratoniga qarshi kurashish strategiyasini taqdim etdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bachadon bo‘yni saratonini bartaraf qilishni tezlashtirish bo‘yicha Global strategiyasini taqdim etdi. Buning uchun 15 yoshgacha bo‘lgan qizlarning 90 foizini odam papilloma virusiga qarshi emlash bilan ta’minlash; ayollarning 70 foizini 35 yoshida va yana takroran 45 yoshida profilaktik tekshiruvdan o‘tkazish; bachadon bo‘yni kasalligi tashxisi qo‘yilgan ayollarning 90 foizini davolashni ta’minlash zarurligi ta’kidlanmoqda. — Gazeta.uz

Ilon Mask milliarderlar reytingida Sukerbergni ortda qoldirdi

SpaceX va Tesla kompaniyalarining bosh direktori Ilon Mask Bloomberg global milliarderlar reytingida Facebook asoschisi Mark Sukerbergdan o‘zib ketib, uchinchi o‘rinni egalladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 19 noyabr kuni Maskning boyligi 120 mlrd dollarni, Sukerbergda esa 103 mlrd dollarni tashkil qilgan. Birinchi o‘rin Amazon asoschisi Jeff Bezosga (183 mlrd dollar) tegishli, reytingda 128 mlrd dollarlik boylikka ega deb hisoblangan holda Microsoft asoschisi Bill Geyts turibdi. — Gazeta.uz