2020 yilda «Lukoyl» kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga birlamchi 5 mlrd kub metr gaz sotgan. Bu haqda energetika vaziri o‘rinbosari Behzot Normatov «Gazeta.uz» muxbiri savoliga javob bera turib, ma’lum qilgan.

Vazir o‘rinbosari Rossiya kompaniyasi «ko‘k yoqilg‘i» eksportini butunlay to‘xtatganini inkor etdi.

«Asosiy iste’molchimiz Xitoyda pandemiya tufayli talab kamayganiga eksportimiz ham qariyb besh baravarga kamaydi. „Lukoyl“ bu yo‘nalishda eksportni to‘xtatgani yo‘q», — dedi Normatov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Lukoyl» eksport hajmini kamaytirish va minimal darajada ushlab turishga qaror qilgan, chunki kompaniya gazni «noqulay narxlarda» eksport qilmaydi.

«Bunga qaramasdan „Lukoyl“ kompaniyasi bilan muzokaralar olib borib, gaz hajmini ichki bozorimizga yo‘naltirishga harakat qildik. Eksport hajmi va narxlari bu konfidensial ma’lumot hisoblanadi… Lekin O‘zbekistonga bu yilda „Lukoyl“ kompaniyasidan kelishilgan narxda 5 mlrd kub metr gaz sotib olingan. Albatta, bu eksport bahosida emas, ancha past narxda sotib olingan. „Lukoyl“ kompaniyasi bilan kelishuvimiz bor, agar yana qo‘shimcha talab bo‘lsa, kelishilgan narxlarda ichki bozorga yo‘naltirishimiz mumkin», — dedi Behzot Normatov.

Vazir o‘rinbosari ma’lum qilishicha, Rossiya kompaniyasidan ichki bozorga yo‘naltirilgan gaz hajmi Andijon viloyatidagi «Xo‘jaobod» hamda Buxorodagi «Gazli» (3 mlrd kub metrdan 2,8 mlrd kub metr qismi to‘lgan) yerosti saqlash majmualariga rejadan avval, kerakli miqdorda to‘ldirilib, qish mavsumida ishlatishga tayyorlab qo‘yilgan.

2019 yilning mart oyida «Lukoyl» O‘zbekiston bilan Qandim лойиҳасидан yiliga 5 mlrd kub metrgacha gazni ichki bozor uchun eksport netbekiga 12,5 foizlik chegirma bilan yetkazib berishga kelishgani ma’lum qilingandi.

21 oktyabrda esa prezident yil yakuniga qadar tabiiy gaz qazib olishni ko‘paytirish, ichki bozorga qo‘shimcha gaz yetkazib berish bo‘yicha topshiriqlar bergandi.

Avgust oyida «Lukoyl» talab kamligi uchun O‘zbekistondagi loyihalaridan Xitoyga gaz eksportini to‘xtatgani ma’lum qilingandi. Natijada kompaniya gazni ichki bozorga yo‘naltirish bo‘yicha O‘zbekiston bilan kelishib olgan.

Shunga qaramasdan, 1 noyabrdan O‘zbekistonda xo‘jalik sub’ektlariga, shu bilan birga, restoran va kafelarga tabiiy gazni ishlatishga cheklovlar o‘rnatildi. Energetika vazirligi buni zaruriy chora deb baholab, «qisqa muddatlarda kuz-qish mavsumida muqobil yoqilg‘i turlaridan foydalanishni amalga oshirish ko‘zda tutilgan», deya ta’kidlagandi.