Singapurning Universal Success Enterprises kompaniyasi Toshkent viloyatida zamonaviy «Nurafshon siti» shahrini barpo etadi. Tegishli shartnomani viloyat hokimi Rustam Xolmatov va kompaniya rahbari Prasun Mukerji onlayn tarzda imzolashdi, deya xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.

Bo‘lajak shaharning umumiy maydoni taxminan 2,833 gektarni tashkil etadi. Singapurdan kelgan mutaxassislar o‘zbek tomonining axborot ko‘magi bilan 2021 yilning birinchi choragi oxiriga qadar loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishadi.

Loyihani Universal Success Enterprises Limited yoki ushbu kompaniya tomonidan tashkil etilgan xorijiy kompaniyalar konsorsiumi tomonidan jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar yoki xorijiy moliya institutlarining kredit liniyalari asosida amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Investitsiyalarning umumiy hajmi loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash natijalariga ko‘ra aniqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilgacha To‘ytepa deb nomlangan Nurafshon O‘zbekistondagi birinchi «aqlli» shahar bo‘lishi rejalashtirilgan edi. Avvalroq Toshkent viloyati ma’muriy markazini qayta qurish loyihasi janubiy koreyalik mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgani haqida xabar berilgan edi. Keyin prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga safari chog‘ida shaharni «ikkinchi Toshkent» deb atadi.

Shuningdek, fevral oyida poytaxtdan Nurafshongacha metro liniyasi qurilishi rejalashtirilgani ma’lum bo‘ldi.