27 oktyabrdan boshlab Andijon viloyatidagi avtomobillarga gaz quyish kompressor stansiyalariga gaz yetkazib berish muddati soat 06:00 dan 16:00 gacha etib belgilandi. Bu haqda «Hududgaz Andijon» kompaniyasi matbuot xizmati xabar qildi.

«Hurmatli tabiiy gazning ulgurji iste’molchilari! Qish mavsumida tabiiy gaz bilan ta’minlash ishlari jarayoniga bog‘liq holda, viloyatga yetkazib beriladigan tabiiy gaz bosimining pasayishi kuzatilmoqda. Shu sababli, taqsimotga ko‘ra, tabiiy gaz, avvalambor, aholi va ijtimoiy ob’ektlarni uzluksiz yetkazib berishga yo‘naltirilgan», — deyiladi xabarda.

Kompaniya viloyatdagi barcha haydovchilardan xavfsizlik qoidalariga muvofiq avtomobillariga har kuni soat 06:00 dan 16:00 gacha yonilg‘i quyishlarini so‘raydi.

«Xududgaz Andijon» viloyatda 81 ta gaz quyish shaxobchasi mavjudligini ta’kidlamoqda.

Avvalroq «Gazeta.uz» O‘zbekiston byudjet tashkilotlari 2020 yilda 405,4 ming tonna ko‘mir olgani haqida xabar bergan edi, bu o‘tgan yilga nisbatan 18,3 foizga ko‘pdir. Bu gaz qazib olishning deyarli 20 foizga pasayishi fonida yuz bermoqda. Ko‘mirning katta qismi Andijon va Farg‘ona viloyatlari uchun zarur edi.

Tabiiy gaz qazib olinishining pasayishi ko‘mir ta’minotiga ehtiyojni keltirib chiqarmoqda. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yilning o‘tgan 9 oyi davomida gaz qazib chiqarish deyarli 20 foizga kamaydi, ya’ni 44,8 mlrddan 36 mlrd kubometrgacha. Gaz kondensati esa 35 foizga, 1,5 mln tonnadan 1 mln tonnaga, ko‘mir — 3%, ya’ni 2,7 mlndan 2,6 mln tonnagacha kamaygan.