Yagona korporativ ma’lumot portalidagi UzAuto Motors to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniyaning 2019 yildagi sof daromadi 2,65 trillion so‘mni (Markaziy bankning 16-oktyabrdagi kursi bo‘yicha 256,3 million dollar) tashkil etdi. Bu haqda Spot ma’lumot berdi.

Kompaniya moliyaviy hisobotlarining ishonchliligi PwC auditorlik kompaniyasining 23 sentyabrdagi ijobiy xulosasi bilan tasdiqlangan. Kompaniyaning 2016−2017 yillar davomida ko‘rgan 4,8 trillion so‘mlik zarari o‘tgan yillardagi (2009−2019) jamg‘arilgan daromadning bir qismi bilan qoplandi.

2020 yil 1 yanvar holatiga taqsimlanmagan foydaning bir qismi dividendlarga (50,5%), qolgan qismi kompaniyani rivojlantirishga va loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirildi.

Bundan tashqari, UzAutoMotors vaqtincha bosh direktori Rustam Rajabovning vakolatlari 2021 yil 31 martgacha uzaytirildi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasining UzAuto Motors ga avtomobillar narxini pasaytirish va mijozlarni qayta hisoblashni buyurganidan so‘ng, kompaniya qo‘mita ustidan sudga shikoyat qildi. Avtomobil ishlab chiqaruvchisi bunga javoban hozirgi vaziyatda narxlarni pasaytirish «mumkin emas» deb aytdi. Kompaniya, shuningdek, bir necha o‘n minglab odamlar orasida deyarli trillion so‘mni tarqatishga majbur bo‘lganligini va bu oxir-oqibat korxonaning bankrot bo‘lishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.