Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov 9 oktyabr kuni Bishkek hududida favqulodda holat rejimini joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

Qaror «ommaviy tartibsizliklar natijasida yuzaga kelgan hamda odamlar hayoti va salomatligiga tahdid va zo‘ravonliklarni keltirib chiqargan murakkab vaziyat munosabati bilan» «ijtimoiy-siyosiy vaziyatni barqarorlashtirish» uchun qabul qilindi.

Favqulodda vaziyat 9 oktyabr kuni 20:00 dan 21 oktyabr 8:00 gacha joriy etiladi. Qirg‘iziston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Almazbek Orozaliyev shahar komendanti etib tayinlandi.

Bishkek komendaturasi kirish va chiqishning maxsus rejimini joriy etish, ommaviy tadbirlarni taqiqlash, transport harakatini cheklash va boshqa vakolatlarga ega bo‘ldi.

Qirg‘iziston Qurolli Kuchlari Bosh shtabiga blokpostlar tashkil etish, qurolli to‘qnashuvlarni bostirish, qonuniylik va tartibni muhofaza qilishni ta’minlash hamda tinch aholini himoya qilish uchun harbiy qismlarni Bishkekka yuborish topshirildi.

5 oktyabr kuni saylov natijalaridan norozi bo‘lgan bir necha ming kishi Bishkek ko‘chalariga norozilik namoyishlariga chiqdi. Namoyishchilar Oq uyni (parlament va prezident ma’muriyati joylashgan), shahar hokimligi va hukumat binosini egallab olishdi. Shuningdek, ular mamlakatning sobiq rahbari Almazbek Atambayevni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi hibsxonasidan ozod qilishdi. Yakunda Qirg‘iziston saylovlari va referendumlari bo‘yicha markaziy komissiyasi saylovlardagi ovoz berish natijalarini bekor qildi.