1 trln so‘m mablag‘ni naqdlashtirgan, 30 mln dollarni chet elga chiqarib yuborgan jinoiy guruh ishi sudga oshirildi, deya xabar berildi «O‘zbekiston24» telekanali reportajida.

Xabarda aytilishicha, 300 mlrd so‘mga yaqin mablag‘lar sohta rahbarlarning nomiga ochilgan plastik kartaga moliyaviy yordam ko‘rinishda tushirilgan va keyinchalik ushbu mablag‘lar sherik banklarda naqdlashtirilgan. Har bitta operatsiyada 500−600 ming dollardan naqdlashtirilgan. Oqibatda bir necha kun ichida 30 mln dollar konvertatsiya qilinib, chet davlatlarga o‘tkazib yuborilgan.

«Men to‘rtta firmada norasmiy rahbar bo‘lganman. Shu firmani ish faoliyati mijozlardan pul olib naqdlab berishdan iborat bo‘lgan. Bu soliq to‘lamaslik uchun qilingan biznes. Biznes banksiz o‘tmaydi. Kuniga 4−5 mlrd, ba’zida 36 mlrd so‘mgacha pul o‘tkazadigan pullarimiz bo‘lgan», — deydi ayblanuvchi telekanal reportajida.

«Aslida norasmiy rahbar xorijdan turib sohta firmalarni boshqarib kelgan, bu yerdagi vakili esa oddiy odamlarni manfaatdorlik evaziga firma direktori va hisobchisi lavozimiga rasmiylashtirgan», — deyiladi reportajda. Direktor lavozimiga rasmiylashtirilgan shaxs esa ushbu ishning noqonuniy bo‘lganligidan xabari bo‘lmaganligini ta’kidlamoqda.

Jinoiy guruh 2019 yilning aprelidan dekabriga qadar 1 trln so‘mga yaqin mablag‘larni naqdlashtirib, 200 mlrd so‘m atrofida soliq va boshqa to‘lovlardan bo‘yin tovlagan. 10 mlrd so‘mga yaqin davlat byudjeti mablag‘ini talon-toroj qilgan. Xabarda aytilishicha, bank rahbariyati ushbu operatsiyalarga taqiq qo‘yish va bu haqda xabar berish o‘rniga, rahbarning o‘zi jinoiy guruhga rahnamolik qilgan.

Tergov davomida aniqlanishicha, jinoiy guruh a’zolari tomonidan moddiy boyliklar va bino inshootlarini asl bozor narxidan bir necha barobar ko‘proq qimmatga sotib olinib, ortiqcha qoldiq mablag‘laridan o‘zaro til biriktirgan holda firmalar hisob-raqamlariga ko‘chirib, davlat va jamiyatga katta miqdorda zarar yetkazishgan.

Aybsizlik prezumpsiyasi nuqtai nazaridan jinoyat ishtirokchilari, yuridik shaxslar nomlari keltirilmagan.

Hozirda tergov ishlari yakunlangan va jinoyat ishi ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan.