Namangan viloyatida ikki erkakni do‘pposlaganlikda ayblanayotgan Gulsanam Alijonova o‘z sha’nini himoya qilganini aytmoqda. Daryo nashri qiz bilan suhbatlashib, o‘sha kuni nimalar sodir bo‘lganiga aniqlik kiritdi.

Gulsanam Alijonovaning so‘zlariga ko‘ra, voqea 2020 yil 25 iyun kuni sodir bo‘lgan.

«Andijonga turmushga chiqqan opamni kuzatgani borgandim. Qo‘limda uning 10 oylik chaqalog‘i, sumkalari bor edi. Opam taksichi bilan gaplashayotgandi. Shu payt yonimizga Spark mashinasi yaqinlashdi. Uning ichidagi yigitlardan biri futbolka va shortikda bo‘lganim uchun masxaromuz qiliq qildi. Qilig‘iga yarasha javob berdim. Shunda u so‘kinib o‘tib ketdi, buni opam ham eshitdi. Gaplashilayotgan taksi mashinasida ortidan yetib bordik».

Uning aytishicha, so‘kingan yigitning oldiga borib, tortishib tursa, futbolkasiga yopishdi. Shundan keyin mushtlashuv boshlanib ketgan. Ulardan biri go‘yo ajratmoqchi bo‘lib, qizga qapishib olgan, qiz esa unga ham javob qaytargan. Shundan keyin ularning ikkisi ikki tomonga qarab ketgan.

Gulsanam mashinada qolgan yigitlar haydovchini o‘rtaga olib, do‘pposlayotganini ma’lum qildi.

«Bizni ko‘rib, mashinaga o‘tirib, ketib yuborishdi. Opam bo‘lgan holatni telefoniga olgandi. Taksichi aka „buni bo‘lgan ishning guvohligi sifatida jiyanimga ham o‘tkazib bering“ degandi. Shundan so‘ng video tarqalib ketdi», — deydi Gulsanam.

Gulsanam 23 yoshda, hozirda Namangan davlat universitetining jismoniy madaniyat yo‘nalishi sirtqi bo‘limida, 3-bosqichda tahsil oladi. Oilada 6 nafar farzandning kenjasi. Boks, karate bilan shug‘ullangan. Ikki yildan beri taekvondo WTF bo‘yicha mashg‘ulotlarga qatnab keladi. Shu yo‘nalishda O‘zbekiston birinchiligi sovrindori, Namangan open turniri g‘olibi. 2020 yil bahor oyida Turkiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqa ishtirokchisi.

«Sportchiman, men hozirda shug‘ullanayotgan sport turi aslida sovuqqonlikka, o‘zini iroda qilishga o‘rgatadi. Lekin oyimdan ketib so‘kinishlariga chidolmadim. Onam o‘zi anchadan beri xastalikdan qiynaladilar, shu botdi shekilli», — deydi Gulsanam.

Foto: Toirbek Komiljonov

Gulsanam keyingi paytlarda volontyorlikda ham o‘zini sinab ko‘rmoqda. Norin tumani homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazida murojaatlarni qabul qilish, ro‘yxatga olish, oziq-ovqat mahsulotlarini ehtiyojmand oilalarga yetkazish bilan mashg‘ul bo‘lgan.

«Hisoblab ko‘rsam, pandemiya boshlanganidan beri tumandagi 500 ga yaqin xonadonga kirib chiqibman. Bunday ezgu ishlardan, ko‘pchilikka nafim tegayotganidan, ularning duolarini olayotganimdan quvonaman. Faqat mana bu bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz ishlar meni ham, uydagilarni ham ancha toliqtirdi», — deydi u.

Eslatib o‘tamiz, IIV huzuridagi Tergov departamenti qizga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi (jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etilgan bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini xabar bergan edi. Departament xabarida mojaro hech bir sababsiz kelib chiqqani aytilgan edi.