O‘zbekiston xufiyona iqtisodiyoti 245 trln so‘mni yoki YAIMdan umumiy ulushi taxminan 48 foizni tashkil etadi. Bu raqamlar Davlat soliq qo‘mitasining tahlillarida keltiriladi.

Xufiyona iqtisodiyotga sabab bo‘layotgan omillardan biri, bu — xarid chekini talab qilmaslik, deya qayd etiladi qo‘mita xabarida. Bu, o‘z navbatida, tadbirkorlik sub’ektlari orasida nosog‘lom raqobat muhitining shakllanishiga olib keladi.

«Agar har bir iste’molchi tomonidan chek talab qilinsa, xufiyona iqtisodiyot ulushi qisqarishi barobarida, soliqlardan bo‘yin tovlash holatlari kamayib, byudjet tushumlari oshib boradi. Natijada mamlakat iqtisodiyoti rivojlanadi», — deya ta’kidlanadi qo‘mita xabarida.

Davlat soliq qo‘mitasining eslatib o‘tishicha, sotib olish joylarida chek berish talabi rad etilgan taqdirda, iste’molchi quyidagilarga ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega:

  • (71) 244−98−98 yoki 1198 raqamli «ishonch telefoni»ga;
  • Soliq mobil ilovasidagi Soliq hamkor bo‘limi orqali;
  • DSQning Telegram-boti orqali;
  • Elektron soliq xizmatlari portali (my.soliq.uz) orqali.