Qonunchilik palatasi deputatlari Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish hamda Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir tumanlari va Toshkent viloyatining Zangiota, Quyichirchiq, Yangiyo‘l va O‘rtachirchiq tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

8 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Toshkent viloyati va Toshkent shahrining bir qator tumanlarining, shuningdek Toshkent viloyati va Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish hamda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishdi.

Unga ko‘ra, Yangihayot tumani tarkibiga 2131,2 gektar o‘tkazilishi rejalashtirilgan:

  • Sergeli tumanidan — 1864,2 gektar;
  • Bektemir tumanidan — 267 gektar;
  • Zangiota tumanidan — 492 gektar
  • Quyichirchiq tumanidan -128,7 gektar;
  • Yangiyo‘l tumanidan — 264,4 gektar;
  • O‘rtachirchiq tumanidan -1403,3 gektar.

Qaror Oliy Majlis Senatiga yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Sergeli tumanida barpo etilgan yangi turar joy mavzesi hududida poytaxt hokimligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunadigan alohida «Yangihayot» kichik tumanini tashkil etish taklifini bildirgan edi.

Keyinchalik, Yangihayot tumani tarkibiga Sergeli tumani hududidagi 13 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarini to‘liq hamda 6 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari hududining bir qismining o‘tkazilishi haqida ma’lum qilingan edi.