Parlament quyi palatasining 8 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan «Namangan viloyati Namangan shahar tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish to‘g‘risida"gi masalasi ko‘rib chiqildi, deya xabar berdi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

Tashkil etiladigan Davlatobod tumanining umumiy maydoni — 4 686 gektar bo‘lib, uning tarkibiga Namangan shahrining «Yuksalish», «Navro‘z», «Nurobod», «Gulshan», «Orzu», «Porloq», «Navbahor», «Mustaqillik», «To‘quvchi», «Umid», «Yangi tong», «Xalqlar do‘stligi», «Davlatobod», Quyi G‘irvon", «Yuqori G‘irvon», «O‘rta G‘irvon», «Bog‘», «Elobod», «Gulobod», «Irvadon», «Shishaki», «Quyi Rovuston», «O‘rta Rovuston», «Yuqori Rovuston» va «Yelxon» mahalla fuqarolar yig‘inlarining hududlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ushbu o‘zgarishlar Shavkat Mirziyoyevning 26−27 iyun kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlariga muvofiq holda, mazkur hududda boshqaruv samaradorligi yaxshilash maqsadida qilinmoqda.

Deputatlarning ta’kidlashicha, bu o‘zgarishlar hududda yangi infratuzilma ob’ektlari barpo etilishi hamda aholiga xizmat ko‘rsatish tizimining yanada yaxshilinishga xizmat qiladi.

Qaror Oliy Majlis Senatiga yuborildi.