OTMga qabul uchun imtihonlarning birinchi kunida (2 sentyabr) tana harorati yuqori bo‘lgan 4 nafar abituriyent testga kiritilmadi, deya xabar qildi Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shoxrux G‘iyosov. Ular bilan tibbiyot xodimlari shug‘ullandi.

Birinchi kungi test sinovlarida jami 118 500 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etishi kerak edi. Amalda 112 188 nafar abituriyent testda ishtirok etish uchun keldi. 6 312 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra, testda ishtirok etish uchun kelmadi.

Shuningdek, 59 nafar abituriyent noqonuniy harakatlari uchun test sinovidan chetlashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, bu yil O‘zbekiston davlat OTMlarga kirish imtihonlarida 1,3 milliondan ortiq abituriyent qatnashishi kutilmoqda. Universitetlarga kirish imtihonlari 2 sentyabrda boshlanadi va ikki hafta davom etadi. Epidemiologik vaziyat tufayli test sinovlarni «ochiq osmon»da o‘tkazishga qaror qilindi. Кириш imtihonlarni o‘tkazish uchun respublika bo‘ylab 65 maydoncha tashkil etilgan.