Juma kuni Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov va koronavirus infeksiyasidan vafot etgan boshqa fuqarolarning xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlash bilan boshlandi.

Senat raisi Tanzila Narbayeva majlisning rasmiy qismi oldidan bir daqiqa sukut saqlaganini e’lon qildi.

«U kishining vafoti, ayniqsa, Senat uchun katta yo‘qotish bo‘ldi, — dedi parlament yuqori palatasi Raisi T.Narbayeva. — Boisi, Musa Tajetdinovich mamlakatimizda ikki palatali parlament tashkil etilgandan beri Senat Raisining o‘rinbosari sifatida samarali faoliyat yuritib kelayotgan edi».

Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, koronavirus tashxisi qo‘yilgan Musa Yerniyazov 31 iyul kuni 72 yoshida vafot etdi. Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi boshlangandan beri 179 kishi COVID-19 asoratlari sababli vafot etgan.