23 iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 18531 nafarni tashkil etmoqda, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Unga ko‘ra, yangi kasallanish holatlarining 37 nafari Toshkent shahrida tana harorati ko‘tarilganligi tufayli profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida, 34 nafar Qashqadaryo viloyatida, yana 34 nafari Samarqand viloyatida, 19 nafari Buxoro viloyatida, 15 nafari Qoraqalpog‘istonda hamda 13 nafari Farg‘ona viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Hozirda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan 8560 kishi davolanmoqda. Ulardan 100 nafari og‘ir, 27 nafari o‘ta og‘ir ahvolda, deya baholanmoqda.

Ayni paytda mamlakatda 9872 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sog‘aygan.

Bundan tashqari, shu vaqtga qadar COVID-19 asoratlaridan vafot etgan bemorlar soni 99 nafarga yetdi.

Navbatdagi bemor o‘limi Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 55 yoshli R.Sh.da (erkak) bo‘lib, u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani ma’lum qilinadi.

Qayd etilishicha, bemorda 19 iyul kuni «COVID-19» tasdiqlangan va Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasiga yotqizilgan.

«Unga „COVID-19“ infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya hamda gipertoniya, semizlik 3 daraja kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan», — deyiladi xabarda.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.