«O‘zbekiston 24» telekanali mamlakatda korrupsiya faktlariga bag‘ishlangan reportajida Toshkentning tuman hokimligi va mamlakatning bir qator oliy o‘quv yurtlarida poraxo‘rlik holatlari haqida so‘z yuritdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar Bektemir tumani hokimligi mas’ul xodimi tadbirkorga yangi qurilayotgan yer usti metrosi ostidan tijoriy maqsadda foydalanish uchun bo‘sh yer maydoni olib berishni va’da qilib, 4 ming AQSH dollari pora olayotgan vaqtda Toshkent shahar DXX boshqarmasi hamda shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Olib borilgan tezkor tadbir davomida, Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmasi va poytaxt prokuraturasi talab qilingan summani olayotganda hokimiyat vakilini qo‘lga oldi. «Gazeta.uz» manbasining xabar berishicha, hibsga olingan xodim Bektemir tuman hokimlikning moliya-iqtisodiyot va qambag‘allikni qisqartirish kotibiyatining bosh mutaxassisi bo‘lib chiqdi.

Bundan tashqari, Samarqand viloyat DXX boshqarmasi hamda Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti dotsenti fuqaroni ushbu OTMga o‘qishga olib kirishni va’da qilib, 10 ming AQSH dollari olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Aniqlanishicha, 2018 yilda dotsent faoliyatida jiddiy qoidabuzarliklar uchun institut rahbariyati tomonidan ishdan bo‘shatilgan. Biroq, u adolatsiz ravishda ishdan bo‘shatilganini da’vo qilib, sudga murojaat qilgani. Natijada, 2 iyul kuni u ishga qayta qabul qilingan, ammo bir necha kundan keyin u noqonuniy pora olayotganda ushlangan, deyiladi dasturda.

Samarqand viloyati Urgut tumani Markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasi shifokori o‘zining yuqori martabali tanishlari orqali 3 nafar fuqaroni Samarqand tibbiyot institutiga o‘qishga olib kirishni va’da qilib, 18 ming AQSH dollari olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Tadbir davomida uning hamkori bo‘lgan Shoshilinch yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markazi Samarqand viloyat bo‘limi shifokori ham qo‘lga olingani ta’kidlanadi.

Shu kabi holat yana Qoraqalpog‘istonda sodir etilgan. Nukus davlat pedagogika instituti dekani o‘rinbosari Kegayli tumanida yashovchi fuqaroni o‘zi ishlaydigan OTMga o‘qishga olib kirib qo‘yishni va’da qilib, 3 ming AQSH dollari olayotgan vaqtda DXX va prokuratura xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Nukus davlat pedagogika institutining yana bir xodimi Beruniy tumanida istiqomat qiluvchi 4 nafar fuqaroni o‘qishga olib kirishni va’da qilib, 8 ming AQSH dollari olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingani qayd etiladi.

Bundan tashqari, «Buxoro davlat universitetining o‘qituvchisi ham Jondor tumanida yashovchi fuqaroni o‘zi ishlaydigan OTMga o‘qishga olib kirib qo‘yishni va’da qilgan va $4000 dollar olayotgan vaqtda DXX hamda prokuratura organlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan», — deyiladi telereportajda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Bosh prokuratura 2020 yilda mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlari oqibatida mamlakatga 172,2 mlrd so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgani haqida xabar bergandi.