Toshkent shahri bo‘yicha kasallik qayd etilgan 333 ta “yashil”, 87 ta “sariq” va 99 ta “qizil” mahalla, mavze va daha hududlari bo‘ylab karantin va profilaktik tadbirlar belgilangan. Bu haqda AOKA huzuridagi shtabda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Botir Qurbonov ishtirokida bo‘lib o‘tgan brifingda xabar berildi.

Respublikadagi 29 ta tuman va shahar “qizil” hududga, 43 tasi “sariq” hududga hamda 131 ta tuman va shahar “yashil” hudud toifasiga kiritildi.

Virusologik laboratoriyalarda oxirgi bir kunda 15 459 ta, epid mavsum davomida esa umumiy 1 176 205 ta test sinovlari o‘tkazildi.

Test tekshiruvlariga ko‘ra, jami 8031 nafar fuqaroda koronavirus qayd etilgan. 5329 nafar bemor to‘liq sog‘aygan, 2680 nafari davolanmoqda. Ulardan: 6 nafari — o‘ta og‘ir; 19 nafari — og‘ir; 230 nafari — o‘rta og‘ir; 2425 nafari — qoniqarli holatda. 162 nafar bemorda pnevmoniya aniqlangan.