«O‘zbekneftgaz» AJ Ai-80 markali benzin ishlab chiqarishdan butunlay voz kechishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi kompaniyaning matbuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev va «Ishchi guruh» a’zolari Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurdi. Qayd etilishicha, M.Abdullayev zavod mutaxassislari hamda zavodni modernizatsiya qilish va rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshiruvchi guruh bilan uchrashib, loyiha istiqbollarini muhokama qildi.

Ma’lum qilinishicha, zavodni modernizatsiya qilish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish natijasida Ai-91, Ai-93, Ai-95 markali yuqori oktanli benzin ishlab chiqarish va Ai-80 markali benzin ishlab chiqarishdan butunlay voz kechish, shuningdek Yevro-5 talablariga javob beradigan dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarishga o‘tish kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan mahalliy neftni qayta ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida benzin mahsuloti importiga aksiz solig‘ini 5 foizdan 20 foizga oshirish taklifi bilan chiqqandi.

O‘z o‘rnida, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi mamlakatda sog‘lom raqobat muhitining ta’minlanishi va iste’molchilar manfaatlarini ko‘zlagan holda aksiz solig‘ini oshirilish maqsadga muvofiq emas, deb hisoblashini bildirgan edi.

Shu bilan birga, Tarif va notarif tartibga solish kengashi mazkur «stavkaning taklif etilayotgan o‘zgarishi xalqaro majburiyatlar va amaliyotga mos kelmasligi sababli ko‘rib chiqilishi va qo‘llanilishi mumkin emas», deya izohlagandi.