Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi AJning neft mahsulotlari importiga aksiz solig‘ini 20% ga oshirish bo‘yicha taklifiga izoh berdi.

Unga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” AJning faqat neft mahsulotlari importiga aksiz solig‘ini 20% ga oshirish bo‘yicha taklifi Tarif va notarif tartibga solish kengashining Kotibiyatiga taqdim etilmaganani ma’lum bo‘ldi.

Shu bilan birga, stavkaning taklif etilayotgan o‘zgarishi xalqaro majburiyatlar va amaliyotga mos kelmasligi sababli ko‘rib chiqilishi va qo‘llanilishi mumkin emas, deyiladi izohda.

Qayd etilishicha, MDH doirasida tuzilgan erkin savdo zonasi to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama Bitimiga qo‘shilishda O‘zbekiston tomonidan qabul qilingan majburiyatlari mavjud.

“Mazkur bitimni uning tomonlari va O‘zbekiston o‘rtasida qo‘llash to‘g‘risidagi Bayoniga muvofiq, 2020 yilning 31 dekabrida O‘zbekiston tomonidan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tovarlar va import qilingan tovarlarga aksiz solig‘i stavkalarini unifikatsiya qilish uchun qabul qilingan o‘tish davri tugaydi, ya’ni belgilangan muddatgacha mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va import qilingan tovarlarga o‘rnatilgan aksiz solig‘i stavkalari umumiy maxrajga keltirilishi kerak”, — deya vazirlikning izohida ta’kidlanadi.

Shu bois, tovarlarni ishlab chiqarish va import qilishda soliq stavkalarini unifikatsiya qilish masalasi kengash tomonidan rejalashtirilgan. Shuningdek, aksiz solig‘ining tovarlar bo‘yicha unifikatsiyasini ta’minlash JST va YeOII kabi xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlarning hujjatlari va amaliyotlarida ham ta’kidlangan.

Ma’lumotga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbekistonda import qilinganda 52 ta tovar pozitsiyasiga, mahalliy ishlab chiqarishda esa — 15 ta pozitsiyaga aksiz solig‘i solinmoqda, xususan:

  • 42 ta tovar pozitsiyalari bo‘yicha faqat import qilishda aksiz solig‘i solinadi;
  • 10 ta tovar pozitsiyalari bo‘yicha import qilish va mamlakatda ishlab chiqarish (shu jumladan, neft mahsulotlari) holatlarida bir xil qiymatga ega bo‘lmagan aksiz solig‘i stavkalari o‘rnatilgan;
  • 5 ta tovar pozitsiyalari bo‘yicha faqat mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlarga aksiz solig‘i solinadi.

“Tovarlarni ishlab chiqarish va import qilishda bir xil soliq stavkalari qo‘llanilsa, ishlab chiqarilgan va import qilinadigan aksizli mahsulotlarga nisbatan teng va adolatli yondashuv ta’minlanadi, bu esa raqobat uchun teng sharoitlarni yaratadi”, — deya izoh beriladi vazirlikning xabarida.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan mahalliy neftni qayta ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida benzin mahsuloti importiga aksiz solig‘ini 5 foizdan 20 foizga oshirish taklifi bilan chiqqandi.

O‘z o‘rnida, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi mamlkatda sog‘lom raqobat muhitining ta’minlanishi va iste’molchilar manfaatlarini ko‘zlagan holda aksiz solig‘ini oshirilish maqsadga muvofiq emas, deb hisoblashini bildirgan edi.