“O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga jinoyat protsessida ishtirok etuvchi fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida” qonun prezident tomonidan imzolandi, deya xabar qildi Adliya vazirligi.

Kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, endilikda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining himoyachidan voz kechish jarayoni videoyozuv orqali qayd etilishi shart.

Shuningdek, shaxsni ushlash, shaxsni ushlash jarayonida o‘tkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qo‘yish protsessual harakatlari ham endilikda videoyozuv orqali qayd etilishi shart bo‘ladi.

Bundan tashqari, shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan protsessual majburlov chorasi va shaxs ushlab turilgan joyi to‘g‘risida uning yaqinlariga darhol xabar berilishi shartligi belgilandi. Ilgari 24 soatdan kechiktirmasdan xabar berilishi shart bo‘lgan. ️Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 13 dekabrdagi konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan qarorida 2020 yil 1 apreldan boshlab yuqorida sanab o‘tilgan holatlarni majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibi joriy etilishi belgilangan edi.