«Milliy tiklanish» demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi Sherzod Kudbiyevni Davlat soliq qo‘mitasining raisi lavozimiga va Musayev Behzod Anvarovich nomzodini bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga ma’qulladi. Bu haqda fraksiya rahbari Alisher Qodirov o‘zining Telegram sahifasida ma’lum qildi.

Sherzod Davlatovich Kudbiyev 2019 yilning avgust oyidan O‘zbekiston prezidentining davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi va 2019 yili yangi tashkil etilgan prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining direktori lavozimida ish yuritib kelmoqda.

Ma’lumot uchun, Sherzod Kudbiyev (1981 y. t.) Farg‘ona politexnika institutini tamomlagan (mutaxassisligi — moliya va kredit). Vazir bo‘lishiga qadar Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2015−2016 yillarda Vazirlar Mahkamasi Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va hududlarni kompleks rivojlantirish masalalari yig‘ma axborot-tahlil departamenti mudiri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Avvalroq — 2012−2015 yillarda — Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi (hozirgi — Bandlik va mehnat munosabat lari vazirligi) Aholi bandligi, mehnat muhofazasi va aholini ijtimoiy himoya qilish respublika ilmiy markazi direktori lavozimida ishlagan.

2010−2012 yillarda Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi departamentida yetakchi va bosh mutaxassis, 2007−2010 yillarda Mehnat vazirligida turli lavozimlarda ishlagan.


Musayev Behzod

Behzod Musayev (1973 yilda tug‘ilgan) Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida va 2004 yilda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshida Oliy biznes maktabida ta’lim olgan.

Mehnat faoliyatini 1995 yilda O‘zbekiston milliy bankida ikkinchi toifali mutaxassis sifatida boshlagan. 1997 yildan 1998 yilgacha bankning Xamza tumanidagi (hozirda Yashnaobod tumani) filialining boshqaruvchisi bo‘lib ishlagan. 1998−2002 yillarda Behzod Musayev Moliya vazirligida bo‘lim boshlig‘i, keyin esa boshqarma boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. U yerda, B.Musayev davlat qimmatli qog‘ozlar bozori faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirgan, keyinchalik ijtimoiy institutlar va fanni moliyalashtirishga mas’ul bo‘lgan.

2002 yildan 2006 yilgacha u Hisob palatasi etakchi inspektori, bosh inspektori, rais o‘rinbosari va 2002 yildan 2006 yilgacha — Hisob palatasining raisi lavozimlarida ishlagan. 2010−2011 yillarda Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari edi. 2018 yili mart oyida DSQ raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga qayta tayinlanib, may oyidan esa DSQ raisi vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

«Gazeta.uz» ga ma’lum bo‘lishicha, Qonunchilik palatasining boshqa fraksiya deputatlari ham ushbu nomzodlarni ma’qulladilar. Endi prezident ushbu nomzodlarni o‘zining farmoni bilan tasdiqlashi kerak bo‘ladi.