O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matulla Yo‘ldoshev dushanba kuni Oliy Majlis Senatining to‘rtinchi yalpi majlisida 2019 yilda prokuratura organlari faoliyati to‘g‘risida hisobot berdi. U tizimni nopok va nomunosib xodimlardan tozalash masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

O‘tgan yili korrupsiyaga moyil 100 nafar, jumladan 30 nafar yuqori lavozimli xodim tizimdan bo‘shatildi. Bundan tashqari, xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagan va uddalay olmagan 282 nafar xodim, jumladan 119 nafar rahbar egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.

Qonun buzilish holatlari, jinoyatlarga qo‘l urgan 15 nafar prokuratura xodimi jinoiy javobgarlikka tortildi, deya qayd etdi Nig‘matulla Yo‘ldoshev.

“Tizimda muhitni sog‘lomlashtirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish, prokuraturani korrupsiyadan mutlaqo holi idoraga aylantirish borasidagi ishlar joriy yilda ham davom ettiriladi”, — dedi u.

Bosh prokuror bugungi kunda prokuratura xodimlarining 45 foizi yosh kadrlardan iborat ekanini ma’lum qildi.

“Xodimlarimizning deyarli yarmi, ya’ni 45 foizini yoshlar tashkil etishini, ularga ish o‘rgatadigan murabbiylar deyarli yetishmay qolganligini inobatga olgan holda biz boy berilgan „ustoz-shogird“ an’anasini tiklashga harakat qildik. Shu maqsadda, o‘z xohishiga ko‘ra xizmatdan bo‘shagan qirqqa yaqin xodimlarimizni ishga qaytarib, uzoq yillik va yetarli tajriba-malakaga ega bo‘lgan murabbiylar faoliyati yo‘lga qo‘yildi”, — dedi u.

Har bir tarmoq rahbarligiga shu yo‘nalishda tom ma’noda suyagi qotgan sohaning haqiqiy egalarini tayinladik. Kadrlarni tanlash va tayinlashdagi o‘ta markazlashgan va sub’ektiv omillarni bartaraf etishga qaratilgan keskin choralar ko‘rilganini ma’lum qildi.

Avvalroq, ushbu majlisda bosh prokuror korrupsiyaga qarshi agentlik tashkil etilayotgani, uning mustaqil huquqni muhofaza qilish organi maqomiga ega bo‘lishi haqida ma’lum qilganini yozgan edik.