27 aprel kuni soat 20:00dan 28 aprelgacha soat 00:30ga qadar Turkmaniston hududidan kuchli shamol kirib kelib, respublikaning Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida soniyasiga 40 metrgacha tezlikda shamol esishi kuzatilgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, shamol natijasida 29 kishi yengil, 1 kishi og‘ir tan jarohati olgan bo‘lsa, 1 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lumotiga ko‘ra, 27 aprel kuni soat 21:30 larda Buxoro shahri, X.Mushkin ko‘chasida yashovchi O‘.A. (1978 y.t.) uyiga kelayotganda kuchli shamol oqibatida yerga uzilib tushgan elektr simiga ehtiyotsizlik bilan urilishi natijasi vafot etgan.

Yengil va og‘ir tan jarohati olgan 5 nafar fuqaro tibbiyot muassasasiga yotqizilgan. 26 nafariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyga javob berilgan.

Shuningdek, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tabiiy ofat natijasida viloyat bo‘yicha 5293 ta bino, 415 ta transport vositasi, 42,4 mingta daraxt talofot ko‘rgan va 295 ta tabiiy gaz va elektr ta’minotida avariyalar sodir bo‘lgan.

Sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha viloyat hokimliklarida shtablar tashkil etilib, favqulodda vaziyatlarni baholash komissiyalari keltirilgan zararlarni aniqlash ishlarini olib bormoqda.

Amaliy tadbirlarga FVBlardan jami 704 nafar shaxsiy tarkib, 127 ta avtotransport vositasi, shuningdek, mahalliy hokimiyatlar va ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, kommunal va boshqa tegishli xizmatlardan mas’ul xodimlarni jalb etgan holda talofat oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda, deyiladi FVV xabarida.

Avvalroq hodisa oqibatida 7 kishining jarohatlangani xabar qilingan edi.