Energotashuvchilar narxlarini oshirish rejasi noma’lum muddatga qoldirildi. Bu haqda juma kuni bo‘lib o‘tgan brifingda O‘zbekiston moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov ma’lum qildi.

“Gazeta.uz” ma’lumotlariga ko‘ra, hukumat fevral-mart oylarida elektr energiyasi va gaz tariflarini oshirishni rejalashtirgan edi.

“Koronavirus pandemiyasi tufayli aholi daromadlarining pasayishi va ayrim aholi qatlamlari ishini yo‘qotishi sababli energiya narxini oshirish to‘g‘ri siyosat bo‘lmasligini rahbariyatimiz anglab yetgan holda mana shu islohotlar ozroq kechikdi”, — dedi Odilbek Isoqov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, pandemiya bartaraf bo‘lib, hayot iziga qaytganidan keyin bu islohotlar davom etadi.

Shuningdek, u Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan O‘zbekiston hukumatiga 375 million AQSH dollari miqdorida kredit taqdim etilishiga izoh berdi. Kreditlash shartlari haqida gapirar ekan, vazir o‘rinbosari jamg‘arma mamlakatda islohotlarni davom ettirishdan manfaatdor ekanligini ta’kidladi.

Avvalroq, XVF missiyasi O‘zbekistonga davlat korxonalarining yo‘qotishlarini kamaytirish, energiya tejashga erishish va xorijiy investorlarni jalb qilish maqsadida narxlarni, ayniqsa energetika sohasidagi o‘zgarishlarni davom ettirishni tavsiya qilgan edi. Odilbek Isoqov, xalqaro hamkorlar energiya tariflarini liberallashtirishni kechiktirishga xayrixoh ekanini ta’kidlab o‘tdi.