O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar jami 598 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Toshkentdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ITI klinikasidan koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 10 nafar bemor butkul sog‘aydi.

Sog‘ayganlarning 7 nafari Toshkent shahridan, Jizzax, Farg‘ona va Toshkent viloyatidan 1 nafardan. Ulardan 9 nafari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan, 1 nafari esa Qozog‘iston Respublikasidan. Bemorlardan 6 nafari erkak, 4 nafari ayollardir. Ular orasida eng yoshi kattasi 55 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 14 yoshda.

Shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasidan ham koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 6 nafar bemor butkul sog‘aydi.

Sog‘ayganlarning barchasi koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Bemorlardan 3 nafari erkak, yana 3 nafari ayollardir. Ulardan 5 nafari poytaxtimizdan, 1 nafari Qashqadaryo viloyatidan. Ular orasida eng yoshi kattasi 27 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 10 yoshda bo‘lib, shu jumladan, 22 yoshli egizak aka-ukalar ham bor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida 19 nafar, Qashqadaryo viloyati 2 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning sog‘aygani xabar qilingan edi.

23 aprel kuni respublikada koronavirus bilan kasallangan 111 bemor sog‘aygan, ulardan 95 nafari Buxoro viloyatidan.