O‘zbekiston hukumati 12 mart kuni Eronga insonparvarlik yordamini yuborish to‘g‘risida farmoyish qabul qildi, deya xabar berdi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Farmoyishga ko‘ra, Eron hukumatining koronavirus kasalligi tarqalishini bartaraf etish uchun zarur buyum va vositalar bilan ta’minlashda yordam ko‘rsatish yuzasidan murojaatini qo‘llab-quvvatlash, ushbu infeksiyaga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish maqsadida Eronga quyidagi tibbiy buyumlar shaklida insonparvarlik yordami yuboriladi:

  • bir martalik steril tibbiy qo‘lqoplar;
  • himoya qiluvchi kombinezon;
  • maxsus tibbiy forma;
  • tibbiy niqoblar;
  • tibbiy doka;
  • tibbiy spirt;
  • gigiyenik gel;
  • «Rutan» tabletkalar.

Insonparvarlik yukini kuzatib borish va topshirish uchun Eronga favqulodda vaziyatlar vazirining o‘rinbosari boshchiligida O‘zbekiston delegatsiyasi yuboriladi.

O‘zbekiston fevral va mart oylarida Xitoyga koronavirusga qarshi kurashish uchun ikki marta gumanitar yordam jo‘natgan edi.