Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi ko‘magida Human xususiy bandlik agentligi faoliyatidan aziyat chekkan 35 kishi Bolgariyaga ishlash uchun yuborildi, yana 5 kishi bugun Bolgariyaga jo‘nab ketmoqda. Bu haqda 23 yanvar kuni mehnat migratsiyasi tashkiloti vakillari ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil sentyabr oyida 52 kishi Human bandlik agentligi bilan shartnomalar tuzilgani bildirilgan jamoaviy shikoyat bilan huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishgan edi. Arizachilarning har biri agentlik xizmatlari uchun 18 milliondan 35 million so‘mgacha, jami 1,67 milliard so‘m to‘lagan, lekin hech biri chet elga ishlash uchun ketolmagan.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Human agentligi rahbarlari ustidan tergov jarayoni tez orada yakuniga yetadi. Avvalroq dastlabki tergov davomida Human direktori Shoxnur Fayzullayevga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qism «a» (firibgarlik, juda ko‘p miqdorda) bandi bo‘yicha ayblov e’lon qilingani haqida xabar bergan edik.

Hozircha aldangan fuqarolar bilan uchrashuvlar davom etmoqda, ularni chet elda ishga joylashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.

Bugungi kunda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiya, Polsha, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Bolgariya, Qozog‘iston va Quvaytdagi 60 ish beruvchi va bandlik agentliklari bilan shartnomalar tuzgan.

2019 yilda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining xorijdagi vakolatxonalari mehnat muhojirlariga qariyb 21 ming maslahat berishdi, 830 marta huquqiy yordam ko‘rsatdi va chet ellik ish beruvchilar tomonidan 578 ming dollardan ortiq to‘lovlarning amalga oshirilishida yordam berdi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, har yili 600 mingdan ortiq yoshlar O‘zbekiston mehnat bozoriga kirib kelmoqda, ammo «tashqi mehnat migratsiyasining sezilarli oqimi» saqlanib qolmoqda.