Dushanba kuni Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev shahar ma’muriyati rahbari etib qayta tasdiqlanganidan keyin poytaxt aholisiga murojaat qildi, deya xabar beradi «Gazeta.uz» muxbiri.

Jahongir Ortiqxo‘jayevning ta’kidlashicha, «prezident va deputatlarning ulkan ishonchini hisobga olgan holda, katta mas’uliyatni his qiladi». Shahar hokimi zimmasiga yuklangan majburiyat va vazifalarni tortinmay, «ishonch, shubhalarsiz va samimiyat bilan» bajarishga va’da berdi.

«Umid qilamanki, Toshkent hokimiyati kadrlar yetkazib beradigan zavodga aylanadi, biz bunga erishishga harakat qilamiz. Men korrupsiya holatlarini yo‘q qilish ustida ish olib boraman, adolatli xizmat qilaman, har kunimda, har soatda, har daqiqada odamlarning farovon va rozi hayot kechirishlari, ularning ijtimoiy-siyosiy muammolarini hal etishga e’tibor beraman, deb so‘z beraman», — dedi u.

Hokim «Toshkent albatta qo‘yilgan maqsad va vazifalarga erishadi, ammo sabr-toqat kerak», deb ta’kidladi.

«Xatolar ham, yaxshi yangiliklar ham bo‘ladi. Ammo sabr-toqat kerak. Toshkent aholisiga aytmoqchimanki, agar ular sabr-toqat ko‘rsatib, bajarilgan ishlar natijalariga qarab baho berishsa, u holda biz topshiriqni bajardikmi yoki yo‘qmi, degan savolga javob olishadi. Men ular boshlangan ishlarni baholab, faqatgina ular natijalari bo‘yicha xulosa chiqarishlarini istardim», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Shuningdek, hokim Toshkent hokimi sifatida 20 oy davomida erishgan natijalari bilan o‘rtoqlashdi.

«Siyosiy tajribaning yo‘qligi salbiy ta’sir ko‘rsatgan holatlar bo‘ldi. 20 oy o‘tdi, men allaqachon ozgina o‘rganib oldim. Mening xulosam shundan iboratki, biz juda ko‘p ishlashimiz kerak, ishlashimiz, izlanishda bo‘lishimiz, bir joyda to‘xtab qolmasligimiz kerak. Shuningdek, men oldimizda juda ko‘p ish bor, tasavvur qilib bo‘lmas darajada ko‘p, degan xulosaga keldim», — dedi u.

Bundan tashqari, hokim salbiy yangiliklar tufayli hosildorlik pasayayotganini ta’kidladi.

«Ish jarayoni sizning uyingizni tark etganingizdagi kayfiyatingizga bog‘liq. Agar OAVda faqat salbiy narsalar yozilsa, kayfiyat yomonlashadi, samaradorlik pasayadi. Hamma sizni qo‘llab-quvvatlasa, yanada katta muvaffaqiyat va natijalarga erishasiz. Agar odamlar bizning ishimizni maqtashsa, unda biz ikki baravar, hatto uch baravar kuch bilan ishlaymiz. Agar kayfiyat yomon bo‘lsa, bu ish jarayoniga ta’sir qiladi, samaradorlik pasayadi», — deya xulosa qildi poytaxt ma’muriyati rahbari.

Kengash sessiyasida bosh vazir Abdulla Aripov Jahongir Ortiqxo‘jayevni «ilg‘or va zamonaviy menejer» deb atadi. Shuningdek, u Akfa, Artel va Crafers kompaniyalarining xorijdagi yutuqlari, sanoat korxonalarini poytaxtdan tashqariga ko‘chirish rejalari va boshqa masalalar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.