O‘zbekiston Transport vazirligi Germaniya va Rossiya kompaniyalarini mamlakat aeroportlarini rivojlantirish strategiyalari ustida ishlashga jalb qildi, deya xabar beradi vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Airport Research Center (Germaniya) va Fuqaro aviatsiyasi innovatsion markazi (Rossiya) mutaxassislari aeroport tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha qisqa va uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqadilar.

Kompaniyalar, shuningdek, Toshkent aeroportining yo‘lovchilar terminalini modernizatsiya qilish bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslar hamda master rejasini tayyorlashda ishtirok etadi.

Olingan ma’lumotlar tahlili natijalariga ko‘ra mutaxassislar jarayonni optimallashtirish va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, shuningdek, aeroportning o‘tkazish qobiliyatini oshirishga yo‘naltirilgan yechimlarni amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalarni taqdim etadi, deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning «Novaport xolding» kompaniyasi va O‘zbekiston hukumati may oyining oxirida Urganchda Samarqand, Namangan va Urganch aeroportlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv imzolagan edi.

O‘zbekiston tomonining hisob-kitoblariga ko‘ra, noyabr oyida 40 yil muddatga tuziladigan konsessiya shartnomasini imzolash rejalashtirilgan edi. Keyinchalik, «Kommersant» gazetasi manbalarga tayanib, «Novaport» va respublika hukumati o‘rtasida loyihani amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirganini xabar qildi: O‘zbekiston hukumati investorning talabiga binoan 30 yil muddatga ularni konsessiyaga berishga tayyor emas.