So‘nggi yillarda aholi o‘rtasida zaharlanish holatlari ko‘payib bormoqda. 2017−2019 yillar davomida 154 ta bunday holat qayd etilgan, natijada 1700 nafar fuqaro, shu jumladan 665 nafar bola jabrlangan. 15 kishi vafot etgan.

Ushbu ma’lumotlar 24 dekabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Kengashining kengaytirilgan majlisida tilga olindi, deya xabar berdi Senat matbuot xizmati. Majlisni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Maslisda qayd etilganidek, ovqatdan zaharlanish holatlari asosan umumiy ovqatlanish korxonalari, maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida qayd etilgan.

Ko‘p holatlarda bunga to‘yxona, oshxona, kafe, restoran va boshqa umumiy ovqatlanish korxonalarining sanitariya talablari loyihalari asosida qurilmaganligi sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlarini lozim darajada saqlash uchun sharoitlar mavjud emas,maktabgacha ta’lim muassasalari oshxonalarining jihozlanishi ham talablarga javob bermaydi.

Umumiy ovqatlanish xodimlari davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tmaydi, oshpaz va yordam beruvchi xodimlarning ovqat tayyorlash bo‘yicha texnologik talablar to‘g‘risida bilim va tushunchalari yo‘q.

O‘rganishlar davomida respublikaning 1533 ta maktabgacha ta’lim muassasasida tashib keltiriladigan ichimlik suvidan foydalanilishi aniqlandi. Bunda ularning ko‘p qismida tegishli gigiyenik suv idishlari o‘rnatilmagan. 5854 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi oshxonalarining moddiy-texnik bazasi holatini yaxshilash lozim, buning uchun 391 mlrd. so‘m mablag‘ talab etiladi.

Majlis yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga 2020 yilning 1 fevraliga qadar «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun loyihasini Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish, 2020 yilning 1 apreliga qadar Maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim tizimida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish tizimini yanada takomillashtirishga doir kompleks tadbirlar dasturi loyihasini ishlab chiqish topshirig‘i berildi.