Yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarni nafaqat hukumatning sa’y-harakatlari va qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlar, balki ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarning o‘zbekistonliklar hayotiga chuqur kirib borgani sharofati bilan ham nisbatan ochiq va shaffof o‘tdi, deyish mumkin.

«Yangi O‘zbekiston — yangi saylovlar» — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlar deputatligiga saylovlar xuddi shu shior ostida o‘tkazildi. Saylov kampaniyasi haqiqatdan ham barcha o‘tgan saylovlarga qaraganda yorqin bo‘ldi. Jonli efirlardagi ochiq debatlar, bugungi kunga qadar muhokama qilingan o‘tkir masalalar, partiyalar va hukumatga qaratilgan tanqidlar, bir fuqaroning takror ovoz bermasligini cheklovchi saylovchilarning yagona ro‘yxati, uchastkalardagi kameralar vahokazolar.

Mamlakat bo‘ylab 1991 yildan buyon ilk bor saylovchilar ishtiroki eng past ko‘rsatkich — 71,1 foizni tashkil etdi. Bu ham ishonchlilikka bir dalil bo‘la oladi. Biroq saylovoldi kampaniyasi davrida va saylov kunida sodir bo‘lgan hodisalar bu ishonchga soya soldi.

Toshkentda Markaziy saylov komissiyasida har soatda rasmiy shaxslar brifinglarda saylovlar «tashkiliy», «bayramona kayfiyatda» o‘tayotgani haqidagi biz ko‘nikib ketgan jumlalarni tilga olayotgan bir vaqtda, saylov uchastkalarida mayda (oila a’zlari uchun ovoz berish) va jiddiy qonunbuzarliklar haqidagi xabarlar kelib tusha boshladi.

Bir qancha qonunbuzarliklar to‘g‘risida brifinglardan birida ham e’lon qilindi. MSK raisi o‘rinbosari Mahmud Istamov Toshkentda mahalliy ijro hokimiyatining ayrim deputatlar foydasiga saylov komissiyasiga bosim o‘tkazayotgani haqida xabar qildi. Ushbu holatlar prokuratura organlari tomonidan o‘rganilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda saylov uchastkasi a’zolari kuzatuvchilarga soxta bayonnomalar to‘g‘risida bayonnoma tuzishga to‘sqinlik qilayotgani, uchastka saylov komissiyalari a’zolarida dasta-dasta nomzodlar belgilab chiqilgan byulletenlar aniqlangani haqidagi xabarlar va videoyozuvlar paydo bo‘ldi.

Saylovda nomzod sifatida ishtirok etayotgan jurnalist va bloger Nozim Safarov o‘zining Telegram-kanalida: «Bu yaxshi tajriba. Romantika va yolg‘on illuziyalarga berilishdan cheklaydi. Hammaga raxmat. Ayniqsa Sergeli tuman hokimiga. Hamma o‘yin tuman kengashi uchun bo‘ldi», — deb yozdi. U o‘qituvchilarni total ekspluatatsiya qilib, xohlagan ishlarini qilishgani, hatto o‘qituvchilardan biri qo‘lini tishlab olganini yozdi. Nomzod Sergeli tumanida mahalliy saylovlar natijalarini bekor qilishga chaqirdi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Nozim Safarov tomonidan aniqlangan qonunbuzarliklar to‘g‘risidagi xabarni o‘rganish boshlanganini ma’lum qildi. Ushbu holat o‘rganilayotgani haqida MSK ham xabar berdi.

Bosh prokuratura OAV va Internet tarmog‘i, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarda saylovga oid qonun buzilishi holatlari haqida e’lon qilingan ma’lumot va xabarlar uzluksiz ravishda o‘rganilayotganini qayd etdi. Xususan, Qashqadaryo viloyati Koson tumani xalq deputatlari Kengashi deputatligiga nomzodi ko‘rsatilgan shaxslarni o‘z nomzodlarini qaytarib olishga majburlash, Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 10, 23 va 142-sonli saylov uchastkalari ishiga noqonuniy aralashish hamda okrug va uchastka saylov komissiyalariga Toshkent shahri Yashnobod tumanida ovozlarni sanab chiqish bo‘yicha yakuniy bayonnoma nusxasini to‘ldirish va bayonnoma nusxalarini hech kimga tarqatmaslik yuzasidan g‘ayriqonuniy ko‘rsatma berilishi bilan bog‘liq ma’lumotlar tarmoq orqali tarqatilib, keng jamoatchilik orasida muhokamaga sabab bo‘ldi.

«Shu munosabat bilan, tajribali prokuror-tergov xodimlaridan iborat maxsus guruhlar shakllantirilib, mazkur xabarlarning har biri sinchkovlik bilan har tomonlama o‘rganilmoqda», — deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev (@saylov_2019bot Telegram-boti orqali) kun davomida saylovlardagi qonubuzarliklar to‘g‘risida 1800 dan ortiq xabar kelib tushganini ma’lum qildi. Eng muhim xabarlarni u mutasaddi organlarga taqdim etdi.

«Gazeta.uz» tahririyatiga ham Toshkentdagi uchastkalardagi qonunbuzarliklar haqida bir qancha xabarlar kelib tushdi.

«Hech bir jamiyat xatodan holi emas, ammo eng yaxshi jamiyat xatolarni tan oladi, to‘g‘ri munosabatda bo‘ladi va keng jamoatchilik oldida hisobdorlikni his qiladi», — deb yozdi u MSK va Bosh prokuratura saylovdagi qonunbuzarliklar haqidagi xabarlarga munosabat bildirayotganini olqishlar ekan.