Haydovchi Tojikiston fuqarosi 27 yoshli E.N. boshqaruvidagi Opel rusumli avtomashinasida ketayotgan vaqtida uxlab qolishi natijasida boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning o‘ng tomonidagi beton to‘siqqa urilib, yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan, deya xabar berdi O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati xabar qildi.

Hodisa 24 noyabr kuni taxminan soat 20:00 larda Buxoro-Samarqand yo‘nalishida «Buxoro-Samarqand» M-37 avtomobil yo‘lining 141 km.da sodir bo‘ldi.

Yo‘l-transport hodisasi oqibatida haydovchi E.N. hodisa joyida vafot etgan, avtomashina yo‘lovchisi 28 yoshli U.Q. turli tan jarohatlari bilan Paxtachi tuman markaziy shifoxonasiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan 24 noyabr kuni Paxtachi tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga olib kelgan, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.