30 iyul kuni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasida bosh vazir Abdulla Aripov raisligida OAV va axborot xizmatlari ahvoli bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Yig‘ilishda Prezident Administratsiyasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) rahbari Komil Allamjonov respublikadagi «snos"lar haqida fikr bildirdi (agentlik ushbu xabarni tasdiqladi).

««Snos"lar — aslida o‘ta ehtiyotkorlik bilan qilinishi kerak bo‘lgan ishlar edi. Prezidentimizning «Obod qishloq», «Obod mahalla» kabi bunyodkorlik loyihalarining maqsadi buzg‘unchilik emas, balki bunyodkorlik. Rasvo ahvolni tuzatish. Odamlarni xursand qilish. Lekin Toshkent shahridagi, kuni kecha Xorazm, Kashqadaryo viloyatlaridagi ‘snos"lar, inson huquqlarining poymol qilinishi oqibatida matbuotni junbushga keltirdi. Natijada xalqimizda tushkunlik, norozilik kayfiyati kuchayib bormoqda va, eng achinarlisi, ushbu holatlar bugungi islohotlarni obro‘sizlantirishga sabab bo‘lmokda. O‘z vaqtida, zudlik bilan ko‘rilmagan choralar masalani battar gazak oldirib yuboryapti», — deb hisoblaydi u.

AOKA rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bekitib yuradigan zamonlar o‘tdi — internet asrida hech narsani yashirib bo‘lmaydi.

«Balki avvallari ham viloyatlarda shunday ishlar bo‘lgandir, lekin internet bo‘lmagan, hech kim buni bilmagan va odamlar o‘zining yog‘iga qovrilib yuravergan. Hozir internet asrida, agar 20 million telefon foydalanuvchisi bo‘lsa, ularning har biri bloger, ularning har biri matbuot uchun ko‘makchi. Berkitib yuradigan zamonlar o‘tdi endi. Xohlasak ham bunday bo‘lmaydi. Eng chekka qishloqdagi voqealar ham tez tarqaladi», — dedi Komil Allamjonov.

Agentlik direktori davlat organlari tomonidan munosabat bildirilmagani bois odamlar o‘z muammolarini xorij matbuoti orqali hal qilishga o‘rganayapti.

«Muammolarga o‘z vaqtida hokimlar, vazirlar reaksiya qilmasa, masala darhol matbuotga chiqib ketyapti. Eng achinarlisi, odamlarimiz xorijiy matbuot orqali muammoni hal qilishga o‘rganyapti. Bu orqali bizga do‘st bo‘lmagan matbuotni o‘z qo‘llarimiz bilan rivojlanishiga, ularga O‘zbekistonni obro‘sizlantirish uchun ajratilgan mablag‘larini ortig‘i bilan oqlab berayotganimizni tushunishimiz kerak. O‘zimizda matbuot rivojlansa, o‘zimiz zudlik bilan masalaga javob bersak, chet el ommaviy axborot vositasining keragi ham bo‘lmaydi», — dedi u.

Komil Allamjonov hokim va vazirlarni bu borada jiddiy ishlar qilinmasa, oqibati yomon bo‘lishidan ogohlantirdi: «Agar bu yo‘nalishda kandaydir jiddiy reglament ishlab chiqilmasa, bu ketishda oqibati yomon bo‘lishi mumkin. Odamlar dardiga zudlik bilan matbuotda tushuntirish berilmas ekan, matbuot bilan mustahkam ishlanmas ekan, barcha harakatlarimiz bir pul bo‘lishi, davlat idoralari obro‘siga jiddiy zarar yetishi mumkin».

Buzish ishlari so‘nggi yillarda aholi o‘rtasida eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri bo‘lib qoldi. Shoshma-shosharlik bilan qonunlarni qo‘pol ravishda buzgan holda (o‘z vaqtida ogohlantirmasdan yoki munosib tovon puli to‘lamasdan) buzish ishlari qariyb barcha viloyatlarda odat tusiga kirdi. «Gazeta.uz» Rishton, Yangiyo‘l, Yakkabog‘, Urganch va boshqa joylardagi shu kabi holatlar to‘g‘risida juda ko‘p maqola va xabarlarni e’lon qildi. Vaziyat esa tobora keskin tus olib, Yakkabog‘da hokim o‘rinbosarining yoqib yuborilishi, Urganchda avtomobil yo‘lining to‘sib qo‘yilishi kabi holatlar ham sodir bo‘ldi. Shundan so‘ng ushbu mavzuga prezident va bosh vazir, shuningdek adliya vaziri Ruslanbek Davletov, «Yuksalish» umummilliy harakati raisi Akmal Burxonov va boshqalar munosabat bildirdi.