Yangi Shevrolet Onix sedanini ishlab chiqarishda mahalliylashtirish darajasini 60 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda. «O‘zbekiston 24» telekanalining «Yangiliklar 24» dasturida efirga uzatilgan lavhalar bunga guvohlik bermoqda.

«Gazeta.uz"ning avtomobilsozlik sohasidagi axborot manbalari keltirib o‘tilgan raqamlarni tasdiqlab, mahalliylashtirish bo‘yicha ko‘rsatkichlarga 2022−2023 yillargacha erishish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Onix modelida import qilinadigan ehtiyot qismlar soni 450 tani, mahalliylari esa 600 tani tashkil etishi kutilmoqda. Ushbu ko‘rsatkichlar modellar kesimida quyidagicha bo‘ladi: Damas — 642 ta import va 323 ta mahalliy, Lacetti — 763 va 283, Spark — 625 va 288, Nexia — 653 va 289, Cobalt — 473 va 417.

«O‘zbekiston 24» kanali lavhasi.

Onix modelida xorijda ishlab chiqarilgan detallar qiymati 2300 dollar, mahalliylari — 4200 dollarni, Lacetti — 4319 va 2938, Spark — 2393 va 2984, Nexia — 2995 va 3500, Cobalt — 2656 va 3488 hamda Tracker — 4000 va 6400 dollarni tashkil etadi. Qayd etish joizki, avtomobilning yakuniy narxiga logistika, ishchi kuchi, bank kreditlari va boshqa ushlanmalar ham ta’sir ko‘rsatadi.

Namoyish etilgan jadvalga ko‘ra, Lacetti avtomobilida mahalliylashtirish darajasi 38 foiz, Spark — 49 foiz, Nexia — 49 foiz, Cobalt — 52 foiz, Tracker — 57 foiz va Onix — 60 foizни tashkil etadi.

Avvalroq «Gazeta.uz» GM Uzbekistan kompaniyasi (hozirgi UzAuto Motors) qimmatbaho segmentda uchta yangi modeldan (Equinox, Traverse va Trailblazer) tashqari arzonroq bo‘lgan ikkita sedan (jumladan Onix) va krossover (yangi Tracker) modellarini ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar qilgan edi.

Onix modelini ishlab chiqarish bo‘yicha rejalar rasman tasdiqlangani yo‘q. GM Uzbekistan faqatgina qiymati 10 va 15 ming dollar bo‘lgan arzon modellarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda buning uchun 500 mln dollar evaziga ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish to‘g‘risida ma’lum qildi.