O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda Toshkent shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasida davolanayotgan bemorga nisbatan shafqatsizlik qilinayotgani to‘g‘risidagi xabar bo‘yicha xizmat tekshiruvini boshladi, deya xabar berdi SSV matbuot xizmati.

Avvalroq «Ozodlik» radiosi saytida turmush o‘rtog‘i A. I. ushbu shifoxonada davolanayotgan ayolning murojaatini e’lon qilgan edi. U murojaatida tibbiyot xodimlari bemor bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lganini ma’lum qilib, 22 aprelda kuzatuv kamerasida yozib olingan tibbiyot xodimining go‘yoki turmush o‘rtog‘ini bug‘ayotgani aks ettirilgan videoyozuvni taqdim etgan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, A. I. (1994 yilda tug‘ilgan) psixiatriya shifoxonasiga 16 aprel kuni maxsus psiatriya tez yordam mashinasida olib kelinib, shu kunning o‘zida davolashga yotqizilgan. «Bemorning ruhiy holati o‘zgargani sababli uning atrofidagi barcha odamlar dushman sifatida ko‘ringan va shu sababli atrofdagilarga shubha bilan qaragan va tashvishga tushgan», — deyiladi xabarda.

Bemorga tegishli davo choralari ko‘rildi, bunda tinchlantiruvchi psixotrop dorilardan foydalanilgan. «Qayd etish zarurki, ayrim dori vositalari holsizlantiradi, organizmni tinchlantiradi va uyquchilikni keltirib chiqaradi», — deyiladi xabarda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi shifoxonaga kunu tun kuzatish uchun kameralar o‘rnatilgani eslab o‘tdi. «Agarda tibbiyot xodimlari tomonidan bemorga nisbatan asossiz kuch ishlatilgani, haqorat va qo‘pol muomala aniqlansa, tabiiyki, tegishli qonuniy choralar ko‘riladi», — deya ma’lum qildi vazirlik.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent IIBB Mirobod tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tergov oldi tekshiruvini o‘tkazayotganini xabar qilgan edi. Biroq keyinroq Toshkent prokuraturasi bemorning qarindoshi tomonidan bo‘lib o‘tgan holat yuzasidan hech kimga hech qanday da’vo va e’tirozi yo‘qligini bildirgani sababli O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining 83-modda 2-qismiga binoyat jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingani ma’lum qildi.