Qozog‘istonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovi 9-iyun kuni o‘tkaziladi, dedi respublika prezidenti Qosim-Jomart Tokayev mamlakat fuqarolariga jonli efirda murojaat qilar ekan.

“Amaldagi prezident sifatida sizlarga saylovlar halol, ochiq va adolatli o‘tishini kafolatlayman. Bu mening prinsipial pozitsiyam”, — dedi prezident.

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev 20-martdan respublika prezidenti sifatidagi o‘z vakolatini to‘xtatgan edi. Uning o‘rnini bunga qadar Qozog‘iston parlamenti Senati raisi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Qosim-Jomart Tokayev egalladi.

20-mart kuni yangi prezident qasamyod qabul qildi va prezident lavozimiga kirishdi. O‘shanda prezidentlik saylovlarining 2020-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgani xabar qilingan edi.