Universal Mobile Systems (UMS) mobil operatori 2019 yilda Mobiuz savdo belgisi ostida faoliyat ko‘rsatadi. Bu haqda kompaniya saytida xabar qilindi.

UMS o‘z savdo belgisi va brend qadriyatlarini yangi zamon talablariga moslashtirib yangilamoqda. Rebrending kompaniya faoliyatida kechayotgan katta o‘zgarishlar bilan chambarchas bog‘liq. UMS oxirgi paytlarda yangi rivojlanish va rag‘batlantiruvchi omillarga ega bo‘ldi.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21 noyabrda qabul qilingan «Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida raqamli infratuzilmani yanada modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, mobil operatorga bir qator vazifalar topshirildi. Hususan, UMS O‘zbekiston hududini rivojlangan mamlakatlar darajasida Internet tarmog‘iga ulanish imkoniyatlari bilan imkon qadar to‘liq qoplashi, barcha davlat xizmatlarini faqatgina o‘z ma’lumotlarga ishlov berish markazlari orqali ko‘rsatishi lozim», — deyiladi xabarda.

Prezidentning 2018 yilning 13 dekabridagi «O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruviga raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat hamda axborot tizimlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq, kompaniya joriy faoliyati bilan bir qatorda davlat xizmatlari operatoriga aylanib, hukumat mobil aloqasi va kriptografik himoyalangan ilk milliy UzChat messenjerini joriy qilmoqda.

Bundan tashqari, UMS platformasida Loyiha boshqaruvi yagona milliy axborot tizimi, davlat sektori uchun blokcheyn yechimlar, aholi uchun raqamlashtirilgan davlat xizmatlari yaratilmoqda. Bu esa elektron hukumat tizimini rivojlantirish, davlat boshqaruviga axborot tizimlarini joriy qilish, bu sohada yagona davlat siyosatini olib borishga xizmat qiladi.

«Bunday shart-sharoitlarda kompaniya rebrendingi yangi o‘zgarishlarni ifoda etishi, kompaniya qadriyatlarini g‘oyaviy jihatdan va mazmunan o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak», — deyiladi xabarda.

Buni inobatga olgan holda UMS mobil operatorining savdo belgisini Mobiuz, deb nomlashga qaror qilindi. Rebrending ishlari dekabr oyida, kompaniya nomini tanlash, brend ranglarini va boshqa belgilarni yaratishdan boshlandi. Rebrending bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

UMS bu qadamlar kompaniya brendini «soflashtirish», jamiyatga kompaniyaning yangi qadriyatlarini yetkazishga xizmat qiladi, deya berdi. Yangi obraz kompaniyani yanada tanitish va uning yangi imijini yaratishga ham ko‘mak beradi.