«O‘zbektelekom» kompaniyasi O‘zbekistonda Facebook ijtimoiy tarmog‘i va YouTube videoxostingiga kirishdagi to‘siqlarni bartaraf etish borasida ish olib bormoqda, deya xabar qildi «O‘zbektelekom» sotish va xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Alisher Zufarov.

«Natijaga erishish bilanoq, biz bu haqda barchaga xabar beramiz. Hech kim [bu masalani] hal etishimizga shubha qilmaydi. U biroz vaqt talab etadi», — dedi u juma kuni bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston Respublikasida AKT sohasidagi vazifalarni izchil amalga oshirish to‘g‘risida"gi konferensiyada. Mazkur anjumanda milliy telekommunikatsiya operatori Internetga chiqish tezligi ortib, tariflarning pasayishi haqida e’lon qilindi.

«Kompaniya mazkur masalaning hal etilishidan foydalanuvchilardan kam manfaatdor emas, chunki bu masala internet-trafik ishlab chiqarishga va kompaniyaning daromadlariga ham ta’sir qiladi», — deya tan oldi Alisher Zufarov.

U ulanishdagi muammolarni Nom va raqamlarni o‘zlashtirish bo‘yicha Internet-korporatsiyasi (ICANN) xabar qilgan internet domen nomlari tizimlari (DNS) uchun himoya vazifasini bajaruvchi kriptografik kalitlar tarixda birinchi marta almashtirilgani bilan bog‘ladi.

«Ayrim hollarda texnologiyalar o‘z qoidalariga bo‘ysundirar ekan. Biz sizning tushunishingizga umid qilamiz», — dedi «O‘zbektelekom» vakili.

Qayd etish joizki, ICANN 15 oktyabr kuni 11 oktyabrda 2010 yilda joriy etilgan kalitlar almashinuvi muvaffaqiyatli amalga oshirilgani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

«Aholining kontent xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun „O‘zbektelekom“ ushbu xizmatlar provayderlariga (Facebook va YouTube — tahr.) o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi rasmiy murojaat bilan yuzlangan hamda ular bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda», — dedi Alisher Zufarov.

AT va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov shunday qo‘shimcha qildi: «Biz milliy operator, boshqa mahkamalar bilan yaqin vaqtlarda mazkur masalani hal etish ustida ish olib bormoqdamiz».

«O‘zim ham, to‘g‘risini aytganda, bu masalaning hal bo‘lishini kutayapman, chunki VPN`dan foydalanish ba’zida noqulay», — deya hazillashdi u.